
Apple Hindiston orqali Rossiyaga iPhone olib kirilishini cheklashga kirishdi
Apple o‘z qurilmalari norasmiy yo‘llar bilan Rossiyaga olib kirilishini cheklash uchun Hindiston do‘konlariga jiddiy ogohlantirishlar yo‘lladi.

Amerikaning texnologik giganti Apple o‘z smartfonlarining Hindiston orqali Rossiya va boshqa davlatlarga norasmiy va o‘g‘rincha yo‘llar bilan kirib kelishini to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmoqda. Bu haqda mahalliy MoneyControl nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy distribyutorlar Hindistondagi riteylerlarga maxsus maktub yo‘llab, sotilgan iPhone qurilmalari 90 kun ichida xorijiy SIM-kartalar bilan faollashtirilgani aniqlansa, ularga nisbatan katta miqdordagi jarimalar qo‘llanishi va do‘kon kodi bloklanishi haqida ogohlantirgan. Ayniqsa, yaqinda chiqarilgan iPhone 17 modellari katta nazoratga olingan.
Apple Rossiyada o‘z mahsulotlarini rasman sotishni 2022 yilda to‘xtatgan va Apple Pay kabi xizmatlar ishlashini cheklagandi. Ammo shundan beri mamlakatga yangi modellar parallel import va xususiy yetkazib beruvchilar orqali kirib kelmoqda.
MoneyControl’ning baholashicha, 2025 yil oktabr oyida Hindistondan jahon bozoriga 1,6 mlrd dollar qiymatda iPhone eksport qilingan. Bu smartfon eksportining qariyb uchdan bir qismi va barcha elektronika eksportining 40 foizini tashkil etadi. Shu miqdorning 3–5 foizi norasmiy yetkazib berishlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning deyarli yarmi Rossiya bozoriga yo‘naltiriladi.
Boshqa muhim yo‘nalishlar sifatida Afrika, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari qayd etilgan — bu mintaqalarda talab yuqori va foyda ham ko‘proq, deyiladi tahlillarda.





