add

Apple patentni buzgani uchun 634 mln dollar jarima to‘laydi

Bugun 09:38302

Apple Watch’dagi texnologiya uchun AQSH sudi qarori bilan Apple kompaniyasi Masimoʼga 634 mln dollar to‘lashga majbur bo‘ldi. Ammo ikki tomon o‘rtasidagi kurash hali tugagani yo‘q.

Apple patentni buzgani uchun 634 mln dollar jarima to‘laydi

Kaliforniyadagi federal hakamlar hay’ati Apple’ni Masimo kompaniyasining qondagi kislorod darajasini o‘lchash texnologiyasi bo‘yicha patentini buzgan, deb topdi. Bu qarorga ko‘ra, Apple’ning Watch qurilmasidagi mashq rejimi va yurak urishi signallari ushbu patentni buzgan.

Apple tomonidan berilgan bayonotda Masimo mahsulot sotmaydigan tibbiy kompaniya sifatida ta’riflanib, sud qarori «haqiqatga zid» deb baholandi. Apple apellyatsiyaga murojaat qilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlovchisi Masimo so‘nggi 6 yil ichida 25 dan ortiq patent bilan sudga murojaat qilganini, ularning aksariyati haqiqiy emasligiga ishora qildi. Unga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha tilga olingan yagona patent 2022 yilda o‘z kuchini yo‘qotgan.

Masimo esa mazkur qarorni kompaniyaning innovatsiya va intellektual mulk huquqlarini himoya qilishdagi muhim yutug‘i deb atadi. Ularning aytishicha, bu texnologiyalar bemorlar manfaatini ko‘zlab yaratilgan va himoya qilinishi shart.

Bu avvalgi tortishuvlar fonidagi navbatdagi jiddiy qadamdir. 2023 yilda AQSHning Xalqaro savdo komissiyasi Masimoʼning da’vosini qondiradi va Apple Watch’larning kislorod o‘lchash funksiyasiga ega modellarini import qilishni taqiqlaydi. Series 9 va Ultra 2 modellari shundan so‘ng bozorda yo‘qqa chiqadi.

Apple joriy yilning avgust oyida kislorod darajasini Apple Watch emas, balki unga ulangan iPhone orqali o‘lchovchi yangi versiyani taqdim etgan edi. Biroq bu usul ham Masimoʼni to‘xtatmadi: ular endi Apple Watch’ning yangi versiyasini tasdiqlagani uchun AQSH Bojxona xizmati ustidan sudga murojaat qildi.

Ayni paytda Apple ham Masimo ustidan da’vo qo‘zg‘atgan. Hakamlar hay’ati Masimo Apple’ning dizayn patentlarini buzgan deb topib, Apple’ga minimal 250 dollarlik qonuniy to‘lov yutib berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Apple patentni buzgani uchun 634 mln dollar jarima to‘laydi | Vaqt.uz