«Apple» rahbari Tim Kuk «Nike» aksiyalarini sotib oldi

Kecha 15:082 daqiqa

Tim Kuk va Elliott Xill tomonidan amalga oshirilgan aksiya xaridlari bozorda ijobiy reaksiyaga sabab bo‘ldi.

«Apple» rahbari Tim Kuk «Nike» aksiyalarini sotib oldi © businessinsider

Kecha, 14-aprel kuni qo‘shimcha savdolarda «Nike Inc.» aksiyalari 2 foizga o‘sdi. Bunga insayderlar – «Apple» bosh ijrochi direktori Tim Kuk hamda «Nike Inc.» bosh ijrochi direktori Elliott Xill tomonidan aksiyalar sotib olingani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Investing» xabar berdi.

Tim Kuk qancha aksiya sotib oldi?

Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etilgan 4-shakldagi hujjatga ko‘ra, Tim Kuk 2026-yil 10-aprel kuni 25 000 dona «B» toifasidagi oddiy aksiyalarni sotib oldi.

Aksiyalar bir nechta tranzaksiyalar orqali, har bir donasi uchun o‘rtacha 42,43 dollar narxida (42,42 dollardan 42,44 dollargacha bo‘lgan oraliqda) xarid qilingan. Ushbu xariddan so‘ng Kuk to‘g‘ridan to‘g‘ri egalik qiladigan aksiyalar soni 130 480 donaga yetdi.

Elliott Xill qancha aksiya oldi?

Shuningdek, hujjatda qayd etilishicha, «Nike» prezidenti va bosh ijrochi direktori Elliott Xill 2026-yil 13-aprel kuni 23 660 dona aksiya sotib olgan. Bitim har bir aksiya uchun 42,27 dollar narxida amalga oshirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati taxminan 1 million dollarni tashkil etadi. Ushbu xariddan keyin Xillning ixtiyoridagi aksiyalar miqdori 265 247 donaga yetdi.

Insayderlar tomonidan amalga oshirilgan bunday xaridlar ko‘pincha investorlar e’tiborini tortadi, chunki bu kompaniya faoliyati haqida chuqur bilimga ega bo‘lgan rahbarlarning uning kelajagiga ishonchi borligidan dalolat berishi mumkin.

«Apple» rahbari oldin ham «Nike» aksiyalarini sotib olgan

Rasmiy hisobotga ko‘ra, 2025-yil 22-dekabr kuni u har bir donasini o‘rtacha 58,97 dollardan, jami 50 000 dona «B» toifasidagi aksiyalarni xarid qildi. Ushbu xarid uchun u umumiy hisobda taxminan 2,95 million dollar sarflagan. O‘shanda Tim Kukning xaridi haqidagi ma’lumot e’lon qilingach, kompaniya qimmatli qog‘ozlari 2 foizdan 5 foizgacha o‘sishni ko‘rsatgandi.

Tim Kuk 2005-yildan beri «Nike» direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi, 2016-yildan buyon esa yetakchi mustaqil direktor lavozimini egallab kelmoqda va mukofotlash qo‘mitasiga rahbarlik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid