
Apple smartfon bozorida jahon yetakchiligini qaytarmoqda
Apple 2025 yilda smartfon sotuvida Samsung’ni ortda qoldirishi kutilmoqda, iPhone 17 seriyasi esa global bozorda rekord talab bilan ajralib turibdi. Bu holat ekspertlar e’tiborini tortmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, Apple 2025 yil yakunlari bo‘yicha dunyo smartfon bozoridagi yetakchilikni qaytarishi mumkin. Business Insiderʼning Counterpoint Research hisobotiga asoslanib yozishicha, kompaniya sotuv ko‘rsatkichlarida Samsung’ni ortda qoldirishga yaqin turibdi. Bu tendensiya Apple uchun 2011 yildan beri kuzatilmagan holat bo‘lib, global bozorda kuchlar nisbati yangi bosqichga kirganini anglatadi.
Eng katta turtki iPhone 17 seriyasining muvaffaqiyati bilan bog‘liq. Yangi modelning dastlabki sotuvlari o‘tgan yilgi iPhone 16 natijalaridan ancha yuqori chiqqan. Talabning o‘sishi, ayniqsa, AQSH va Xitoy kabi strategik bozorlarda keskin namoyon bo‘ldi. Apple oktabr oyida ushbu mamlakatlarda ikki xonali o‘sish qayd etganini bildirdi, Yevropa bozorlarida ham ijobiy dinamika sezildi.
Bozor sharoiti qiyinlashganiga qaramay, smartfonlarni yangilash sikli uzaygan bo‘lsa-da, Apple mahsulotlari uchun barqaror talab saqlanib qolmoqda. Iste’molchilarning umumiy ishonch indeksining pasayishi, Tramp ma’muriyati joriy etgan yangi tariflar va global iqtisodiy noaniqliklar fonida kompaniya o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etdi. Tim Kuk 2025 yilning oxirgi choragi tarixiy natijalarni olib kelishini ta’kidlamoqda.
Investorlar kayfiyatiga Vashington va Pekin o‘rtasidagi ritorikaning yumshashi ham ijobiy ta’sir qildi. Xitoy Apple uchun asosiy ishlab chiqarish maydoni va eng yirik sotuv bozorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. AQSH prezidenti Donald Trampning Si Jinping bilan suhbatdan so‘ng bildirgan «munosabatlarimiz juda mustahkam» degan bayonoti kompaniya aksiyalari savdosida barqarorlik yaratdi.
Counterpoint Research tahlilchilariga ko‘ra, 2025 yilda iPhone sotuvlari umumiy hisobda 10 foizga o‘sadi. Bu ko‘rsatkich Samsung natijasidan ikki baravar yuqori. Apple ning global strategiyasi, ayniqsa texnik imkoniyatlarni yangilash, kamera funksionalini kuchaytirish va akkumulator samaradorligini oshirish orqali yanada mustahkamlanmoqda. Kompaniya 243 million qurilma sotishi mumkinligi qayd etilmoqda.





