add

Appleʼga asos solish haqidagi noyob hujjat auksionga qo‘yiladi

28.11.2025 | 09:183561 daqiqa

1976 yilda Jobs, Voznyak va Ueyn imzolagan Apple’ning asosiy ta’sis shartnomasi 2026 yilda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.

Appleʼga asos solish haqidagi noyob hujjat auksionga qo‘yiladi

Apple Computer kompaniyasining tashkil topishiga doir eng muhim hujjatlardan biri — 1976 yilda tuzilgan uch sahifalik hamkorlik shartnomasi kimoshdi savdosiga chiqarilishi ma’lum bo‘ldi. 9to5Mac’ning yozishicha, ushbu hujjat 2 million dollardan 4 million dollargacha sotilishi kutilmoqda. Agar taxminlar o‘zini oqlasa, u Apple tarixida kimoshdi savdosida sotilgan eng qimmat artefaktga aylanadi.

Xabarlarga ko‘ra, «Christie’s» auksion uyi hujjatni hali veb-saytiga joylashtirmagan, biroq savdo 2026 yilning 23-yanvariga belgilangan. Taqdim etilayotgan hujjatlarda Apple’ning asoschilari — Stiv Jobs, Stiv Voznyak va Ron Ueynning dastlabki ulushlari aniq ko‘rsatilgan: Jobs va Voznyakka 45 foizdan, Ueynga esa 10 foiz ulush tegishli bo‘lgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Ron Ueyn shartnoma imzolangandan bir necha kun o‘tib, o‘z ulushini 800 dollar evaziga sotgan. Uning bunday qaror qabul qilish sababi sifatida kompaniya bankrot bo‘lgan taqdirda shaxsiy aktivlari xavf ostida qolishi mumkinligi keltirilgan. Ushbu xavotir uni loyihadan chiqib ketishga majbur qilgan.

Auksionda bitta lot tarkibida ta’sis shartnomasi va Ueynning Apple kompaniyasidan chiqish to‘g‘risidagi hujjati taqdim etiladi. Nodir hujjat sifatida baholanayotgan bu materiallar texnologiya tarixining muhim qismi hisoblanadi.

Taxminlarga ko‘ra, Ron Ueyn o‘z ulushini sotib yuborgan 800 dollar hozirgi kunda taxminan 400 milliard dollarlik qiymatga teng bo‘lishi mumkin. Bu esa mazkur hujjatning ahamiyati va Apple kompaniyasining keyingi rivojlanish masshtabini yanada ravshan ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid