Aprel oyida Toshkent avtobuslarida qatnovlar qisqardi

Bugun 16:452 daqiqa

2026 yil aprel oyida O‘zbekiston jamoat transportida ATTO tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni keskin o‘sdi. Biroq avtobuslarda amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga kamaygan.

Aprel oyida Toshkent avtobuslarida qatnovlar qisqardi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil aprel oyida ATTO tizimi orqali respublika bo‘yicha 74,2 million tranzaksiya amalga oshirildi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 21 foizga yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yil aprelida ushbu raqam 61,5 millionni tashkil etgan edi.

Toshkent shahrida avtobus transporti orqali amalga oshirilgan to‘lovlar 2 foizga kamayib, 37,5 million tranzaksiyani tashkil qildi. 2025 yil aprelida avtobuslarda 38,1 million tranzaksiya qayd etilgan edi.

Metropolitenda esa aksincha o‘sish kuzatildi. Metro orqali to‘lovlar soni 8 foizga oshib, 18,9 million tranzaksiyaga yetdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 17,4 million bo‘lgan.

Avtobuslarda tranzaksiyalar sonining kamayishiga ayrim yo‘lovchilarning yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hududlardagi ko‘rsatkichlar

ATTO tizimi hududlarda ham jadal rivojlanmoqda. Respublika bo‘yicha hududiy tranzaksiyalar hajmi 203 foizga oshib, 15,8 million operatsiyaga yetdi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Qarshi shaharlarida qayd etildi.

Samarqandda tranzaksiyalar soni 1,6 milliondan qariyb 4 millionga yetgan. Farg‘onada esa ko‘rsatkich 785 mingdan 1,8 millionga oshgan.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Urganch va Termiz shaharlarida ham yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi.

00

Manba: ATTO

0

Manba: ATTO

Raqamli to‘lovlar kengaymoqda

Bank kartalari orqali to‘lovlar 58 foizga o‘sib, 49,7 million tranzaksiyaga yetdi. Transport kartalari orqali esa 16,2 million to‘lov amalga oshirildi.

Metro yo‘lovchilari mobil QR-kod yordamida 2,1 million marta to‘lov qilgan. ATTO virtual kartalari orqali qilingan tranzaksiyalar esa 9 foizga kamayib, 563,6 mingtani tashkil qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar yo‘l haqi uchun eng ko‘p qaysi bank kartasidan foydalanayotganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid