AQSH elchixonasi dron hujumiga uchradi

03.03.2026 | 10:152 daqiqa

Bugun Saudiya Arabistonidagi AQSH elchixonasiga dronlar zarba berdi. Tramp tez orada buning uchun «javob zarbasi» bermoqchi.

AQSH elchixonasi dron hujumiga uchradi

AQSHning Ar Riyoddagi elchixonasiga ikki dron zarba berdi, oqibatda yong‘in yuz berdi. Bu haqda bugun, 3-mart kuni Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligi «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Dastlabki baholash natijalariga ko‘ra, elchixonaga moddiy zarar yetgan.

Dronlar hujumi 28-fevral kuni Eronga qarshi AQSH va Isroil zarbalaridan so‘ng, Fors ko‘rfazi davlatlarida joylashgan AQSH harbiy bazalariga ega mamlakatlarga nisbatan davom etayotgan Eron raketa va dron hujumlari fonida sodir bo‘ldi.

Bugun ertalab Riyoddagi AQSH elchixonasi hududida kuchli portlash ovozi eshitilgan va alanga ko‘ringan. «Reuters» manbasi yong‘in kichik bo‘lganini aytgan.

Riyodning Xorijiy missiyalar joylashgan Diplomatik kvartali ustida qora tutun ko‘tarilgani kuzatilgan.

Bino erta tong soatlarida bo‘sh bo‘lgani sababli jabrlanganlar haqida xabar berilmagan, deb ma’lum qilgan manbalardan ikkitasi.

Elchixona 3-mart kuni ertalab Riyod, Jidda va Zahrondagi AQSH fuqarolari uchun «o‘ziga yaqin joyda panagoh topish» haqida ogohlantirishini e’lon qildi va obyektga qilingan hujum tufayli navbatdagi xabarga qadar elchixonaga yaqinlashmaslikni tavsiya etdi.

Bu birinchi elchixona emas

Kecha, 2-mart kuni Kuvaytdagi AQSH elchixonasidan yoki unga yaqin hududdan tutun ko‘tarilgani kuzatilgan. Hududda o‘t o‘chiruvchilar va tez yordam mashinalari ko‘ringan. Bu yerdagi AQSH elchixonasi ham odamlarga elchixonaga kelmaslik va uyda panoh topishni tavsiya qilgan.

«Elchixonaga kelmang. O‘z uyingizda eng past qavatda va oynadan uzoq joyda panoh toping. Tashqariga chiqmang» – deb yozilgan elchixona saytidagi ko‘rsatmalarda.

AQSH elchixonasi xodimlari ham «o‘z joylarida panoh topgani» qo‘shimcha qilingan.

Tramp: elchixonamizga hujum uchun javob zarbasi bo‘ladi

AQSH prezidenti Donald Tramp «NewsNation» telekanaliga bergan intervyusida Riyoddagi AQSH elchixonasiga qilingan hujum va amerikalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani uchun AQSH «yaqin orada» javob qaytarishini bildirgan.

2-mart kuni kechqurungi holatga ko‘ra, olti nafar AQSH harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 18 nafari yaralangan.

«Tramp menga yerusti qo‘shinlarini joylashtirish zarur bo‘lmaydi, deb hisoblashini aytdi», – deb yozdi «X» tarmog‘ida «NewsNation»ning siyosiy muxbiri Kelli Meyer.

Teglar

Mavzuga oid