
AQSH «Eng yomonlarning yomoni» deb topilgan o‘zbekistonliklarni deportatsiya qilmoqda
To‘qqiz nafar o‘zbekistonlik AQSHning «Eng yomonlarning yomoni» ro‘yxatiga kiritildi.

AQSH Milliy xavfsizlik departamenti (DHS) va Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xizmati prezident Donald Trampning topshirig‘iga binoan mamlakatdagi eng xavfli jinoyatchi chet elliklarni deportatsiya qilish amaliyotini boshladi. Vazir Kristi Noem boshchiligida amalga oshirilayotgan ushbu tadbir doirasida jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi «Eng yomonlarning yomoni» nomli ro‘yxat e’lon qilindi.
«Vazir o‘rinbosari Noem rahbarligida Milliy xavfsizlik departamenti (DHS) va ICE xodimlari prezident Trampning va’dasini bajarib, ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirmoqda. Bu jarayon eng xavfli jinoyatchilardan, jumladan, bu yerda ko‘rsatilgan noqonuniy muhojirlardan boshlandi», - deyilgan vazirlik xabarida.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdan AQSHning turli shtatlarida og‘ir jinoyatlar uchun hibsga olingan O‘zbekiston fuqarolari ham joy olgan. Jumladan, Damirjon Isrofilov, Jonibek Raximov, Yakov Gox, Pavel Bahmatov, Artur Gelman, Jamshid Rahmatov, Sultonali To‘raxonov, Boris Matatov va Maqsud Boboqulovlar jinsiy zo‘ravonlik, bosqinchilik, giyohvand moddalar savdosi va pul yuvish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.
Ushbu shaxslar Texas, Nyu-York, Oregon va Pensilvaniya shtatlarida qo‘lga olingan bo‘lib, hozirda ularni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha huquqiy jarayonlar yakuniy bosqichga kelgan. Masalan, Jonibek Raximov va Pavel Bahmatov zo‘rlash hamda jinsiy tajovuz uchun, Jamshid Rahmatov esa tovlamachilik va jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanib, deportatsiya qilinishi kutilayotgan asosiy shaxslar sifatida qayd etilgan.
Hozirda hibsga olingan har bir shaxs bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularni qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga majburiy qaytarish choralari ko‘rilmoqda.





