AQSH–Eron mojarosining 44-kunida nimalar yuz bermoqda?

Bugun 19:524 daqiqa

Islomobodda AQSH va Eron o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar kelishuvsiz yakunlandi. 21 soat davom etgan muloqotning muvaffaqiyatsizligida tomonlar bir-birini ayblamoqda.

AQSH–Eron mojarosining 44-kunida nimalar yuz bermoqda?

Pokiston poytaxti Islomobodda 12-aprel kuni yakunlangan uzoq davom etgan muzokaralarga qaramay, Qo‘shma Shtatlar va Eron urushga butunlay chek qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu esa hozirda amal qilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini xavf ostida qoldirmoqda.

12-aprel kuni har ikki tomon olti haftadan ko‘proq vaqt oldin boshlangan va minglab odamlarning (asosan Eron hududida) o‘limiga sabab bo‘lgan, shuningdek, dunyo bo‘ylab neft va gaz narxini keskin oshirib yuborgan harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan 21 soatlik muzokaralarning barbod bo‘lishida bir-birini aybladi.

1

«Yomon xabar shuki, biz kelishuvga erisha olmadik va menimcha, bu Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaraganda Eron uchun ancha yomonroq yangilikdir», — dedi AQSH delegatsiyasi rahbari, vitse-prezident Jey Di Vens.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor Islomobod ikki azaliy raqib o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga ko‘maklashishda davom etishini bildirdi.

Erondagi vaziyat

·         12-aprel kuni Islomoboddagi muzokaralar to‘xtab qolgach, Eron Tashqi ishlar vazirligi tomonlarning birgina uchrashuvda kelishuvga erishishini hech kim kutmaganini ma’lum qildi. «Tabiiyki, boshidanoq birgina sessiyaning o‘zidayoq kelishuvga erishishni kutmasligimiz kerak edi. Hech kimda bunday umid bo‘lmagan», — dedi vazirlik rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy «IRIB» davlat teleradiokompaniyasiga bergan bayonotida.

·        «Associated Press» agentligiga intervyu bergan tehronliklar 93 million aholiga ega mamlakat bo‘ylab vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan havo hujumlaridan so‘ng vaziyatga xavotir bilan qarayotgan bo‘lsa-da, hali umid uzilmaganini bildirdi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida shu kungacha 2000 dan ortiq eronlik halok bo‘lgan.

AQSHdagi vaziyat

·        «Biz bu yerni juda oddiy taklif — o‘zaro anglashuv mexanizmi bilan tark etmoqdamiz. Bu bizning so‘nggi va eng maqbul taklifimizdir. Eronliklar uni qabul qilish-qilmasligini vaqt ko‘rsatadi», — dedi Vens Pokistonni tark etishidan oldin.

·        Vensning ta’kidlashicha, u so‘nggi 21 soat ichida prezident Donald Tramp bilan bir necha bor maslahatlashgan. Shuningdek, Davlat kotibi Marko Rubio, Moliya vaziri Skott Bessent va AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari Bred Kuper bilan ham muloqotda bo‘lgan.

·        «Biz samimiy va yaxshi niyatda muzokaralar olib bordik», — dedi Vens maxsus vakillar Stiv Vitkoff va Jared Kushner hamrohligida so‘zlagan nutqida.

·        Prezident Tramp muzokaralar boshlanganidan bir necha soat o‘tib, Vashington Eron yetakchilarini yo‘q qilish va muhim harbiy infratuzilmani vayron qilish orqali jang maydonida allaqachon g‘alaba qozonganini ta’kidladi. «Kelishuvga erishamizmi yoki yo‘qmi — buning men uchun farqi yo‘q... chunki biz g‘alaba qozondik», — dedi u.

·        AQSH harbiylarining ma’lum qilishicha, minalardan tozalash amaliyoti oldidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan ikkita esminets o‘tgan. Bu urush boshlanganidan buyon kuzatilgan dastlabki holatdir. Biroq Eron davlat ommaviy axborot vositalari birlashgan harbiy qo‘mondonlikka tayangan holda mazkur xabarni rad etmoqda.

·        AQSHdagi Teyer Marshall instituti professori Devid De Rosh «Al Jazeera»ga bergan intervyusida Vashington Islomoboddagi muzokaralar chog‘ida o‘z pozitsiyasini Eronga aniq tushuntirgan bo‘lsa-da, uni o‘zgartirmaganini aytdi. «Chegaralar aniq belgilab olindi. Menimcha, prezident Tramp AQSHning urushdagi maqsadi Eronning yadroviy qurol ishlab chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ochiq va qat’iy bildirib kelmoqda», — dedi ekspert.

Livandagi vaziyat

·        Isroil Livanga zarbalar berishni davom ettirmoqda. Harbiylar mamlakat janubidagi Juayya hududida «o‘t ochishga tayyor holatdagi raketa qurilmasiga» hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.

·        So‘nggi kunlarda Livanda, xususan, Bayrutda Isroil va Livan o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar ehtimoliga qarshi norozilik namoyishlari to‘lqini kuzatildi.

·        «Al Jazeera» nashrining ma’lum qilishicha, AQSHning Isroilga bosimi Bayrutda vaqtinchalik tinchlikni ta’minlagan bo‘lsa-da, mamlakat janubida zarbalar shiddat bilan davom etmoqda. «Janubda yashovchi aholi uchun vaziyat deyarli o‘zgargani yo‘q», — deyiladi xabarda.

·        Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2-martdan beri Isroil hujumlari oqibatida kamida 2020 kishi halok bo‘lgan, 6436 kishi jarohatlangan.

2

Isroildagi vaziyat

·        Isroilning «Channel 12» telekanali Livandan uchirilgan dron Yuqori Jalila hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolinganini xabar qildi. Dron tufayli hududda xavf signallari yangragan.

Teglar

Mavzuga oid