AQSH Grenlandiyada Rossiya va Xitoyga «tuzoq» qo‘ymoqchimi?

Bugun 21:502 daqiqa

To‘rt oydan beri Vashingtonda AQSH, Grenlandiya va orolning tashqi siyosati uchun mas’ul bo‘lgan Daniya vakillari o‘rtasidagi yopiq muzokaralar davom etmoqda.

AQSH Grenlandiyada Rossiya va Xitoyga «tuzoq» qo‘ymoqchimi?

Amerika Qo‘shma Shtatlari Grenlandiyada o‘z harbiy va iqtisodiy mavqeini sezilarli darajada kengaytirishga, Amerika qo‘shinlarining doimiy bo‘lishini ta’minlashga hamda Rossiya va Xitoy investitsiyalarini bloklashga urinmoqda. Bu haqda Vashington, Kopengagen va Grenlandiyadagi manbalariga tayanib «The New York Times» nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt oydan beri Vashingtonda AQSH, Grenlandiya va orolning tashqi siyosati uchun mas’ul bo‘lgan Daniya vakillari o‘rtasidagi yopiq muzokaralar davom etmoqda. Rasmiy ravishda ushbu uchrashuvlar Donald Trampning Grenlandiyani kuch bilan qo‘lga kiritish (nazorat o‘rnatish) ehtimoli haqidagi bayonotlaridan keyingi keskinlikni kamaytirish va NATO ichidagi inqirozning oldini olishga qaratilgan. Biroq Grenlandiya siyosatchilari AQSH taklif qilayotgan shartlar orol suverenitetini o‘nlab yillarga cheklab qo‘yishidan xavotirda.

Nashrning yozishicha, Vashington Daniya bilan 1951 yilda tuzilgan mudofaa shartnomasini qayta ko‘rib chiqmoqchi. Bundan maqsad – Grenlandiya kelajakda mustaqillikka erishgan taqdirda ham Amerika qo‘shinlarining u yerda bemuddat qolishini kafolatlashdir. Bu doimiy shart grenlandiyaliklarga ma’qul kelmayapti. Bundan tashqari, AQSH faqat harbiy masalalar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Amerika tomoni Rossiya yoki Xitoy ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Grenlandiyadagi yirik investitsiyaviy bitimlarga amalda veto qo‘yish huquqini talab qilmoqda. Grenlandiya va Daniya tomoni bunga qat’iy qarshi chiqmoqda.

Muzokaralarda tabiiy resurslar sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilinmoqda. Grenlandiya neft, uran, kamyob yer elementlari va boshqa muhim foydali qazilmalarga boy, garchi ularning katta qismi muzliklar ostida chuqur joylashgan bo‘lsa-da. Hozircha AQSH va Daniya rasmiylari muzokaralarning mazmunini oshkor qilmayapti. AQSH tomonidan ushbu jarayonni Davlat kotibi Marko Rubioning asosiy maslahatchilaridan biri Maykl Nidxem boshqarayotgani ma’lum.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyadagi maxsus vakili Jeff Lendri 18-may, dushanba kuni Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga keldi. U Trampdan maktub keltirganini ma’lum qildi. «Men u bilan tunda gaplashdim va u: «U yerga bor va iloji boricha ko‘proq do‘st orttir", dedi. Men bu yerga tinglash va o‘rganish uchun keldim», dedi Lendri. U o‘z tashrifidan maqsad AQSH, Grenlandiya va Daniya o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish ekanligini qo‘shimcha qildi. Tashrif davomida Amerika delegatsiyasi a’zolari «Make America Great Again» yozuvi bo‘lgan bosh kiyimlar kiyib yurishi kuzatilgan.

Teglar

Mavzuga oid