AQSH O‘zbekistonning ikkita kompaniyasiga viza berishni chekladi

20.02.2026 | 09:342 daqiqa

Noqonuniy migratsiyani tashkil etgan O‘zbekistonning ikkita kompaniyasi rahbarlari va yuqori lavozimdagi xodimlariga viza cheklovi joriy qilindi.

AQSH O‘zbekistonning ikkita kompaniyasiga viza berishni chekladi

AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda faoliyat yuritgan ayrim shaxslarga nisbatan viza cheklovlari joriy etilganini ma’lum qildi. Cheklovlar AQSHga noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ko‘maklashgan ikki viza xizmatlari kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimdagi xodimlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, mazkur shaxslar AQSH hududiga noqonuniy kirishni rejalashtirganlar uchun sayohat xizmatlarini tashkil etgan. Tergov ma’lumotlariga asosan, ular xorij fuqarolari, jumladan voyaga yetmaganlarni Markaziy Amerikadagi tranzit nuqtalar orqali tashish va yo‘naltirish ishlarini muvofiqlashtirgan.

Keyinchalik bu shaxslarning katta qismi AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan vaqtda qo‘lga olingan. Vashington bu holatni mamlakat milliy xavfsizligi va migratsiya siyosatiga tahdid sifatida baholamoqda.

Departament bayonoti

Viza cheklovlari AQSH Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning 212 (a) (3) (C) moddasi asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu norma AQSH tashqi siyosatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini beradi.

«Qo‘shma Shtatlar o‘z milliy xavfsizligi yoki immigratsiya qonunlariga putur yetkazishga bo‘lgan har qanday urinishga toqat qilmaydi. Departament noqonuniy immigratsiyadan foyda ko‘rayotganlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlaydi va biz chegaralarimiz hamda milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun odam savdosi tarmoqlariga qarshi keskin kurash olib boramiz», deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Vashington noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni yuqori baholab, rasmiy Toshkentga minnatdorlik bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid