
AQSH Venesuela boshqaruvini Rubioga topshiradi
AQSH ma’muriyati Nikolas Maduro ag‘darilganidan keyin Venesuela ustidan o‘tish davridagi boshqaruvni Davlat kotibi Marko Rubioga topshirishni rejalashtirmoqda.

AQSH Venesuelada o‘tish davridagi ma’muriy boshqaruvni Davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Bloomberg» agentligi AQSH hukumatidagi noma’lum manbaga tayanib xabar qilmoqda.
Manbaning nashrga ma’lum qilishicha, Nikolas Maduro hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng Venesuela bo‘yicha asosiy ma’muriy qarorlar aynan Marko Rubio orqali muvofiqlashtiriladi. Davlat kotibi Kubadan kelgan muhojirlar oilasida tug‘ilgan bo‘lib, u Lotin Amerikasi siyosatida qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan.
«Bloomberg»ning qayd etishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaning neft sohasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning neft kompaniyalari Venesuela neft infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarmoya kiritadi.
«The Wall Street Journal» nashriga ko‘ra, Venesuela bo‘yicha boshqaruv modelini ishlab chiqishda Davlat kotibi Marko Rubio, Ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Stiven Miller hamda Mudofaa vaziri Pit Hegset ishtirok etmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati hozircha o‘tish hukumati qanday bo‘lishi, AQSH Venesuela iqtisodiy tiklanishini moliyalashtirish-tiklamasligi va mamlakatga amerikalik harbiylar joylashtirilishi masalalari bo‘yicha aniq qaror qabul qilmagan.
Pentagon va AQSH harbiy shtablari amerikalik kuchlar mintaqada qancha vaqt qolishi mumkinligini baholashda davom etmoqda. Shu bilan birga, hozircha qo‘shimcha qo‘shin jo‘natish yoki Kongressdan Venesuela uchun moliya so‘rash bo‘yicha qaror yo‘qligi ta’kidlanmoqda.
«Axios» nashrining ma’lum qilishicha, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Venesueladagi vaziyatni va Nikolas Maduroni bir necha oy davomida kuzatib kelgan. Diplomatik manbalarga ko‘ra, AQSHning Venesueladagi ishtiroki ko‘lami Donald Tramp qo‘ygan strategik maqsadlarga bog‘liq bo‘ladi.
AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, Maduroni hokimiyatdan chetlatish operatsiyasi dastlabki bosqich bo‘lib, asosiy masala — yangi hokimiyatning xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlay olishi hisoblanadi. Bu esa xorijiy kompaniyalarning mamlakatga qaytishi uchun hal qiluvchi omil sifatida qaralmoqda.





