
AQSH Venesuelaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi mumkin
AQSH ma’muriyati Venesueladan neft eksport qilishni yengillashtirish uchun ayrim sanksiyalarni kelgusi haftayoq bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini rasman tasdiqladi.

AQSH moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, Vashington Venesuelaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni qisman bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» agentligiga bergan intervyusida u asosiy e’tibor neft eksporti va uni sotishdan tushgan mablag‘larni iqtisodiyotga qaytarishga qaratilganini ta’kidladi.
Bessentning aytishicha, kelasi hafta u Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki rahbariyati bilan uchrashib, Venesuela bilan hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Shuningdek, u XVJda saqlanayotgan taxminan 5 mln dollarlik valuta aktivlari mamlakat iqtisodiyotini tiklashda qo‘llanilishi mumkinligini bildirdi.
«Biz sotiladigan neftga nisbatan sanksiyalarni olib tashlayapmiz», — dedi Bessent. Biroq u aynan qaysi cheklovlar bekor qilinishi mumkinligini aniqlashtirmagan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda AQSH Moliya vazirligi neft sotuvidan tushgan va asosan tankerlarda saqlanayotgan mablag‘larni Venesuelaga qaytarish imkonini beruvchi huquqiy o‘zgarishlarni o‘rganmoqda.
Bu qadamlar Donald Tramp ma’muriyatining Venesueladagi vaziyatni barqarorlashtirish va Amerikaning neft kompaniyalarining mamlakatga qayta kirib kelishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan kengroq strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.
Reuters eslatishicha, sanksiyalarni yumshatish masalasi AQSH maxsus xizmatlari Nikolas Maduroni Karakasda qo‘lga olib, uni rafiqasi Siliya Flores bilan birga AQSHga olib ketganidan bir hafta o‘tib kun tartibiga chiqqan. Ularga «narkoterrorizm», qurol saqlash va narkotiklar kontrabandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Hozir AQSH sanksiyalari xalqaro banklar va kreditorlarga maxsus litsenziyasiz Venesuela hukumati bilan ishlashni taqiqlaydi. Shu bilan birga, 9-yanvar kuni Donald Tramp Venesuela neftidan tushgan daromadlarni musodara qilishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, bu mablag‘lar mamlakatda «tinchlik, farovonlik va barqarorlik»ni ta’minlashga xizmat qilishi kerak.





