
AQSH Xitoyni ogohlantirdi
AQSH Davlat departamenti Pekinni Tayvan atrofidagi harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatishga chaqirdi.

AQSH ma’muriyati rasmiy Pekinni Tayvanga nisbatan harbiy bosim o‘tkazishni zudlik bilan to‘xtatishga va mintaqaviy keskinlikni yumshatish uchun konstruktiv muloqotga kirishishga chaqirdi.
Davlat departamentining bayonotida ta’kidlanishicha, Xitoyning Tayvan va mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan harbiy harakatlari hamda ritorikasi keskinlikni asossiz ravishda oshirmoqda. Vazirlik Pekinni vazminlik ko‘rsatishga hamda kuch ishlatish yoki majburlash orqali mavjud status-kvoni bir tomonlama o‘zgartirishga urinishlardan voz kechishga chaqirgan.
AQSH tashqi siyosat mahkamasi Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashini, har qanday tajovuzkor harakatlarga qarshi ekanini rasman bildirdi. Ushbu bayonot Xitoy armiyasi Tayvan oroli atrofidagi suv va havo hududida «Adolat missiyasi - 2025» deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarini yakunlaganidan so‘ng e’lon qilindi.
Xitoy tomonidan o‘tkazilgan ushbu mashg‘ulotlar davomida jangovar o‘q otishlar amalga oshirilgan va orolning muhim portlarini blokada qilish amaliyotlari sinovdan o‘tkazilgan. Bunday harakatlar mintaqaviy xavfsizlikka tahdid sifatida baholanmoqda, biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp vaziyatga nisbatan ancha xotirjam munosabatda bo‘lmoqda.
Dushanba kuni Prezident Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Pekinning mashg‘ulotlari uni xavotirga solmayotganini ta’kidladi. U Xitoy raisi Si Jinping bilan a’lo darajadagi munosabatlarga ega ekanini va suhbat davomida bu masala ko‘tarilmaganini bildirgan. Tramp, shuningdek, Xitoyning orolga bostirib kirishiga ishonmasligini qo‘shimcha qilgan.





