Logo

AQSHning Eron bilan urushi qanchaga tushgani ma’lum qilindi

Bugun 20:302 daqiqa

Trampning «AQSH allaqachon g‘alaba qozondi», degan bayonotlariga qaramay, amalda mojaro davom etmoqda va bu senatdagi demokratlar tomonidan Pentagon rahbariyatining keskin tanqid qilinishiga sabab bo‘lyapti.

AQSHning Eron bilan urushi qanchaga tushgani ma’lum qilindi

AQSHning Eron bilan davom etayotgan harbiy mojarosi xarajatlari hozirga qadar 37,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset senatdagi chiqishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «NBC News» nashri.

Vazirning senatorlarga ma’lum qilishicha, Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin oylarda harbiy operatsiyalarni davom ettirish uchun bundan qariyb ikki barobar ko‘p mablag‘ talab etiladi.

Pentagonning ichki baholashlariga ko‘ra, urushning umumiy xarajatlari allaqachon 80 milliarddan 100 milliard dollargacha yetgan. AQSHning uch nafar rasmiysiga tayanib berilgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, bu summaga shikastlangan harbiy bazalarni tiklash, yo‘q qilingan aviatsiya o‘rnini to‘ldirish va qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘liq tiklash xarajatlari kiradi.

Xegsetning o‘zi keltirgan 37,5 milliard dollarlik hisob-kitob esa faqat joriy moliya yili oxirigacha harbiy xizmatchilarga maosh to‘lash, operatsiyalar o‘tkazish va texnik xizmat ko‘rsatish kabilarni o‘z ichiga olgan.

Mojaroning kuchayishi va o‘zaro zarbalar

Mudofaa vazirining ushbu bayonoti mojaroning yangi eskalatsiyasi fonida yangradi. Senatdagi Demokratik partiya vakillari Trampning AQSH allaqachon g‘alaba qozongani haqidagi bayonotlariga qaramay, urushda siljish yo‘qligini ta’kidlab, Xegset bilan keskin bahsga kirishgan.

Shuningdek, Tehron tomoni Iron armiyasi Quvaytdagi AQSH bazasidagi HIMARS tizimlariga zarba berganini e’lon qildi. Bundan tashqari, Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) AQSH qiruvchi samolyotini yo‘q qilgani va Amazon ma’lumotlar markaziga zarar yetkazganini da’vo qilmoqda.

Britaniyaning dengiz savdosi operativ markazi esa Ummon sohillarida noma’lum snaryad tankerga urilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Bloomberg nashrining yozishicha, Britaniyaning yangi bosh vaziri AQSHga Eronga zarba berish uchun o‘z bazalaridan foydalanishga ruxsat bergan.

Teglar

Mavzuga oid