
AQSHning Eronni «tiz cho‘ktirishga» qaratilgan talablari ma’lum qilindi
Agar Eron bu to‘rt shartni qabul qilsa, u nafaqat yadroviy dasturidan, balki o‘zining so‘nggi 40 yillik geosiyosiy strategiyasidan voz kechgan bo‘ladi.

AQSH ma’muriyati Eron bilan bog‘liq vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishdan umidvor, deb bayonot berdi prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff. U kelishuv imzolanishi uchun to‘rtta shartni sanab o‘tdi.
Uitkoffning fikricha, Eron iqtisodiyoti «o‘ta og‘ir ahvolda» bo‘lgani sabab, u murosaga kelishi kerak.
AQSH maxsus vakilining so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni tartibga solish uchun Tehron va Vashington quyidagi muammolarni hal qilishi lozim:
Islom respublikasida uranni boyitish me’yorlarini belgilash;
Eronning raketa arsenalini qisqartirish;
Shu paytgacha boyitilgan uranning qo‘llanilish maqsadini aniqlash;
Eronning proksi-guruhlari bilan bog‘liq vaziyatni hal qilish.
Stiv Uitkoffning ma’lumotiga ko‘ra, Eronda 3,67-60 foizgacha boyitilgan ikki tonna uran mavjud.
«Biz ushbu to‘rtta muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qila olamiz va bu ajoyib yechim bo‘ladi. Muqobil variant esa — yomon», — dedi Uitkoff Floridadagi Isroil-Amerika kengashi konferensiyasida.
Dekabr oyi oxiridan beri Eronda milliy valutaning qadrsizlanishi va narxlarning keskin ko‘tarilishi sababli namoyishlar davom etmoqda. Donald Tramp bir necha bor agar Islom respublikasi rasmiylari namoyishchilarni o‘ldiradigan bo‘lsa, AQSH vaziyatga aralashishini ta’kidlagan edi. Keyinroq u Eronda qotilliklar to‘xtaganini e’lon qildi, biroq Vashington harbiy ssenariydan voz kechgan-kechmaganiga aniqlik kiritmadi.





