add

Asosiy oziq-ovqatlar importiga bojning nol stavkasi muddati uzaytirildi

Bugun 14:442 daqiqa

Ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar importida bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash 2027 yil boshigacha saqlab qolinadi.

Asosiy oziq-ovqatlar importiga bojning nol stavkasi muddati uzaytirildi

Ichki iste’mol bozorida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlashga qaratilgan navbatdagi qaror qabul qilindi. Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar importiga nisbatan bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi 2027 yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.

Mazkur prezident farmonida ushbu qaror ichki bozordagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxi oshishining oldini olish va inflatsiya bosimini yumshatish maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.

Nol stavka qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxati keng qamrovli hisoblanadi. Unga qoramol va qo‘y go‘shti, baliq, shakar, sariyog‘ hamda sutdan tayyorlangan boshqa moylar va yog‘lar, parranda tuxumlari, banan, sitrus mevalari (limondan tashqari), qahva va choy kiradi. Shuningdek, hayvon va o‘simlik yog‘lari, margarin, xamirturush, bug‘doy uni, yogurt, pishloq va tvoroglar ham imtiyozli tartibda import qilinadi.

Ro‘yxatga sabzavot va mevalar ham kiritilgan. Jumladan, piyoz, sarimsoqpiyoz, quritilgan xurmo, olma, nok, behi, shuningdek, tayyor yoki konservalangan go‘sht mahsulotlari, murabbo, mevali jele, marmelad va konservalangan mevalar bojxona bojisiz olib kiriladi.

Bundan tashqari, yong‘oqlar, turli souslar, mineral va gazlangan suvlar, bolalar kiyimi hamda poyabzal kabi tovarlar ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan. Mutasaddilar fikricha, mazkur chora-tadbirlar import hajmlarini barqaror saqlash orqali ichki bozorda taklif uzluksizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Hukumat ushbu mexanizm orqali tarif va notarif tartibga solish vositalarini keng qo‘llab, aholi uchun asosiy iste’mol mahsulotlarining mavjudligi va narx barqarorligini ta’minlashni maqsad qilgan.

Teglar

Mavzuga oid