Attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchilar ishdan bo‘shatiladimi?
Vazirlik attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagoglar ishdan bo‘shatilishi haqidagi tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Maktbgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagoglar ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabarlarni asossiz eanini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq bosim o‘tkazish qonunchilikka mutlaqo zid hisoblanadi. Bu kabi talablar amal qiluvchi me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Yetarli ball to‘play olmagan pedagoglarning malaka toifasi pasaytirilmaydi
2021 yil 17-sentabrdagi 572-sonli qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etgan va yetarli ball to‘play olmagan pedagoglarning malaka toifasi pasaytirilmaydi. Shuningdek, ularga amaldagi toifasi bo‘yicha ish haqi to‘lanishi davom etadi.
Shu bois, navbatdan tashqari attestatsiya natijasida past ball olgan pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun hech qanday huquqiy asos mavjud emas. Bu holatda ishdan bo‘shatish qonuniy emas deb hisoblanadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan va mutaxassis lavozimida ishlayotgan pedagoglar majburiy attestatsiyadan o‘ta olmasa, ularning mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. Bunda ham ish beruvchi qaror qabul qilmasa, pedagogga yana ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Agar ushbu imkoniyatlardan keyin ham pedagog salbiy natija ko‘rsatsa, shundagina mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin. Boshqa holatlarda esa bunday qaror qabul qilinishi mumkin emas.
Vazirlik o‘qituvchilarga murojaat qilib, agar noqonuniy talablar qo‘yilsa, ishonch telefoni yoki maxsus bot orqali murojaat qilishni tavsiya qildi.





