Auksionga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi qanday belgilanishi ma’lum qilindi
Yirik investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida qiymati kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar uchun qishloq xo‘jaligi yerlari auksionsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 49 yilga ijaraga berilishi belgilandi.
© ok-t.ruPrezidentning PF–68-son farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1-maydan boshlab barcha hududlarda yer uchastkalari yangi tizim asosida auksion orqali taqsimlanadi. Bu yer resurslaridan foydalanishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Takroriy savdo narxi
Yangi tartibga muvofiq, 50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil etish va chorvachilik maqsadlari uchun auksionga chiqariladi. Boshlang‘ich narx yerning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Agar lot sotilmasa, har bir takroriy savdoda uning narxi bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytirib boriladi.
Yaylov, pichanzor va lalmi yerlar uchun belgilangan qoidalar
Shuningdek, yaylov, pichanzor va lalmi yerlar uchun alohida yengil shartlar joriy etilgan. Bunday yerlar auksionga chiqarilganda boshlang‘ich narx normativ qiymatning atigi 1 foizi miqdorida belgilanadi. Bu esa kam xarajat bilan yerdan foydalanish imkonini kengaytiradi.
Yirik investitsiya loyihalari uchun yer ajratish
Farmonda investorlar uchun ham qator qulayliklar nazarda tutilgan. Xususan, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida yer olgan subyektlar yerning yarmidan ixtiyoriy voz kechsa, qolgan qismi uchun yangi shartlar asosida 49 yillik ijara huquqini saqlab qoladi. Bunda ularning bank kreditlari va soliqlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi shart.
Yirik investitsiya loyihalari uchun yer ajratish tartibi yanada soddalashtirildi. Qiymati kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar uchun yerlar auksionsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 49 yilga ijaraga berilishi belgilandi. Bu qaror agrar sektorga katta sarmoyalarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.





