
Aviator savdo majmuasida yuz bergan yong‘in bo‘yicha jinoiy ish ochildi
Toshkentdagi savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 yashar qizcha halok bo‘lgan edi.

Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo majmuasida sodir bo‘lgan yirik yong‘in holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Ma’lum qilinishicha, ish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi — nodavlat tijorat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan vakolatlarni suiiste’mol qilish hamda 259-moddasi — yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha ochilgan.
Yong‘in 31-yanvar kuni tushdan keyin savdo majmuasining ikkinchi qavatida yuz bergan. U yerda Pixel nomli bolalar maydonchasi hamda bir qator ovqatlanish shoxobchalari joylashgan bo‘lgan.
Fojia oqibatida vayronalar ostida 2023 yilda tug‘ilgan, 2 yosh 7 oylik qizchaning jasadi topilgan. Taxminan 800 kvadrat metr maydon yong‘indan zarar ko‘rgan. Yong‘inni o‘chirishga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.
Dastlabki tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, yong‘in paytida ikkinchi qavatda o‘rnatilgan yong‘in signalizatsiyasi va avtomatik suv purkagich tizimlari ishlamagan. Shuningdek, zinapoya orqali mo‘ljallangan yong‘in chiqish joyi yopiq holatda bo‘lgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





