Avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish tartibi to‘liq raqamlashtirildi

Bugun 16:311 daqiqa

Endi haydovchilar avtomobillarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali elektron ro‘xsatnomani rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish tartibi to‘liq raqamlashtirildi © Foto: Tergov.uz

Yangi tartibga ko‘ra, avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Qaror haydovchilar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan bo‘lib, ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishni nazarda tutadi.

Xizmatni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatadi.

Fuqarolar murojaatni uch xil usul orqali yuborishi mumkin:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;

YHXX mobil ilovasi;

Davlat xizmatlari markazlari orqali.

Onlayn tarzda murojaat qilish uchun fuqaro maxsus elektron so‘rovnomani to‘ldirishi lozim. Kiritilgan ma’lumotlar avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi. Bu jarayon inson omilini kamaytirib, qaror qabul qilishni tezlashtiradi.

Vakolatli organ murojaatni ko‘rib chiqishda transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan-etilmaganini tekshiradi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ish yuzasidan qonuniy yakuniy qaror qabul qilingani ham o‘rganiladi.

Bir ish kuni ichida jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqish mumkin

Agar barcha talablar bajarilgan bo‘lsa, murojaatchiga bir ish kuni ichida avtomobilni olib chiqish mumkinligi haqida elektron xabarnoma yuboriladi. Mazkur tizim jarayonni sezilarli darajada soddalashtirib, vaqt sarfini qisqartirishi kutilmoqda.

Avvalroq mazkur tashabbus Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Unda elektron ro‘xsatnomani bepul taqdim etish taklifi ham ilgari surilgan.

Teglar

Mavzuga oid