add

Ayollarda yaxshiroq: kredit tarixini qanday olish mumkin?

O‘zbekistonliklar 2025 yilda 2,3 mln marta kredit tarixidan foydalandi. Ularning asosiy qismi erkaklar, biroq ayollarda kredit tarixi yaxshiroq. Bu xizmatdan qanday foydalanish va boshqa ma’lumotlarni Vaqt.uz'da o‘qing.

Ayollarda yaxshiroq: kredit tarixini qanday olish mumkin?

Kredit axborot tahliliy markazi 2025 yil uchun o‘zbekistonliklarning kredit tarixi haqida ma’lumot berdi

Yil davomida kredit tarixidan 2 mln 293 mingta foydalanilgan, ularning 99,3 foizi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun 2024 yilda 1,07 mln marta, 2023 yilda esa 506,5 ming marta kredit tarixidan foydalanilgan. 

Yoshlar toifasi kesimida 26-35 yosh orasidagi mamlakat aholisi eng ko‘p kredit tarixiga ishi tushgan — 40 foiz. Keyingi o‘rinni 23 foiz bilan 36-45 yosh aholi egalladi. Ma’lumotlardan so‘nggi uch oyda rekord darajada ko‘p foydalanilmoqda. 

1

Kredit tarixidan foydalanganlarning yarmidan ko‘pi yil davomida faqat bir marta bu ma’lumotni olgan. Bu esa kredit tarixini birinchi marta olish bepul ekani bilan bog‘liq. 

Jins kesimida alohida qaralsa, umumiy ko‘rsatkichning 68 foiz erkaklar, 32 foizi ayollar bo‘ldi. Shunga qaramay, erkaklarning 12,1 foizi, ayollarning 10,9 foizi salbiy (qoniqarli va yomon) kredit tarixiga ega. 

Ya’ni ayollar kamroq kredit tarixidan foydalangan bo‘lsada, ulush nisbatida erkaklarga qaraganda yaxshiroq kredit tarixiga ega. Biroq, a’lo kredit tarixiga ega erkaklar ulushi 78 foiz bilan o‘z yo‘nalishida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. 

2

Umumiy holatda 55 foiz o‘zbekistonliklarning kredit tarixi o‘rtacha ekani ma’lum bo‘ldi. Bu ularning aksariyati kredit olmagani bilan bog‘liq. Lekin, bu ko‘rsatkich so‘nggi paytlarda kamayib bormoqda — 2022 yilda kredit tarixidan foydalanganlarning 67,7 foizi o‘rtacha ballga ega edi. 

Hududlar kesimida foydalanish bo‘yicha Toshkent shahri katta farq bilan yetakchi bo‘ldi — 18,8 foiz. Keyingi o‘rinlarda Toshkent (11,9 foiz) va Samarqand (8,1 foiz) viloyati bormoqda. 

Kredit tarixini qanday olsa bo‘ladi? 

Kredit tarixini har kim kredit olmagan bo‘lsa ham tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega. Xizmatdan bir yilda bir marotaba bepul foydalanish mumkin. 

Qarz oluvchilar 0 dan 500 gacha bo‘lgan oraliqdagi skoring ball orqali baholanadi va ushbu oraliq 5 guruhga bo‘linadi:

A – a’lo (400-500 ball;

B — yaxshi (300-400 ball);

C — o‘rtacha (200-300 ball);

D — qoniqarli (100-200 ball);

E — yomon (0-100 ball).

Kredit tarixini 4 xil yo‘l bilan bilib olish imkoniyati bor: 

1) mobil ilova orqali — Android | AppStore.

2) Kredit byurosi veb-saytining — https://portal.infokredit.uz/login shaxsiy kabinet bo‘limidan.

Call-markaz: (+998) 712034747, Telegram: @katm_uz

3) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali “Kredit tarixi” to‘g‘risida ma’lumotnoma berish sahifasida. 

4) O‘zbekistonda joylashgan barcha "Yagona darcha" Davlat xizmatlari markazlari orqali.

Xizmatdan bir yilda bir marta bepul foydanalish imkoniyati bo‘lsada, KATM ilovasida skoring ballini har kuni bepul kuzatib borish mumkin. 

My.gov.uz orqali kredit tarixi yiliga bir martadan ko‘p olinganda 14 834 so‘m, Kredit byurosi orqali olinganda 16 480 so‘m to‘lanadi. 

Bundan tashqari o‘zbekistonliklar “Freeze” va “Kreditga taqiq” xizmatidan ham foydalanish mumkin. 

“Freeze” xizmati orqali kredit tarixi olinishini muzlatib qo‘yish mumkin. Bu esa kredit tashkilotlariga kredit berish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Ko‘pchilik firibgarlikdan qochish maqsadida bu xizmatdan foydalanadi. 

“Kreditga taqiq” xizmati ham firibgarlikni oldini olish uchun ishlatiladi. Bu orqali aholi ularning ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish imkoniga ega bo‘ladi. 

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 33

Barchasi

Mavzuga oid