BAA maktab o‘quvchilariga sun’iy intellekt bo‘yicha yangi taqiq qo‘yildi

16.02.2026 | 16:352 daqiqa

Birlashgan Arab Amirliklarida 13 yoshdan kichiklar uchun sun’iy intellekt ilovalaridan foydalanish cheklandi.

BAA maktab o‘quvchilariga sun’iy intellekt bo‘yicha yangi taqiq qo‘yildi

Birlashgan Arab Amirliklari Ta’lim vazirligi mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalariga generativ sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi yangi yo‘riqnomani yubordi va uni bajarish majburiy deb belgiladi. Yangi tartibga ko‘ra, 7-sinfdan kichik yoki 13 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarga ChatGPT kabi ilovalardan foydalanish taqiqlanadi.

Bu qaror akademik halollikni himoya qilish, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va tartibli ta’lim muhitini saqlash maqsadida qabul qilingan. Mazkur qoidalar 2026 yilga mo‘ljallangan «Sinflarda sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish» qo‘llanmasida bayon qilingan.

Hujjatda sun’iy intellektdan foydalanishning aniq chegaralari belgilab berilgan. Vazirlik tasdiqlagan doiradan tashqari har qanday qo‘llash amaldagi ta’lim qoidalariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Ta’limdagi halollik

Yangi tizimning asosiy tamoyili akademik halollik hisoblanadi. O‘quvchilarga o‘qituvchini oldindan ogohlantirmasdan yoki ruxsat olmasdan sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan topshiriq, tadqiqot yoki hisobotlarni o‘z ishi sifatida taqdim etish taqiqlandi.

Rasmiylar bunday amaliyot ta’lim jarayonining haqqoniyligiga putur yetkazishini ta’kidladi. Shu bois maktablar sun’iy intellektdan ko‘chirish, baholash talablarini chetlab o‘tish yoki akademik me’yorlarni buzish maqsadida foydalanilmasligini ta’minlashi shart.

Shuningdek, vazirlik o‘quvchilar topshiriqlarni bajarishda to‘liq ravishda sun’iy intellektga tayanishining oldini olishni ham vazifa sifatida belgiladi. Qaror kichik yoshdagilarning mustaqil fikrlash, ijodkorlik va muloqot ko‘nikmalarini saqlab qolishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda o‘qituvchilar o‘rniga sun’iy intellekt dars o‘tadigan maktablar ochilgan edi. Maktablarda o‘qituvchilar yo‘q, uy vazifalari yo‘q va o‘qish uchun to‘lov yiliga 65 ming dollargacha yetishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid