add

«Bahona qilmasdan, mas’uliyatni oshirish lozim», Senatorlar IIV mas’uli javoblaridan norozi bo‘ldi

Bugun 10:354722 daqiqa

Senat yalpi majlisida ichki ishlar organlarida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi muhokama qilinib, mas’ullarning javoblari yetarlicha asoslanmagani, ijro intizomi sustligi va nazoratning yo‘qligi keskin tanqid qilindi.

«Bahona qilmasdan, mas’uliyatni oshirish lozim», Senatorlar IIV mas’uli javoblaridan norozi bo‘ldi

2025 yil 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida ichki ishlar sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligi muhokama qilindi. Eng muhim masala sifatida sud ajrimlarining o‘z vaqtida bajarilmasligi oqibatida og‘ir jinoyat sodir etilgan holat tilga olindi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov ayrim hollarda majburiy davolanishi shart bo‘lgan shaxslar o‘z vaqtida tibbiy muassasalarga joylashtirilmayotganini ta’kidladi. U Denov tumanida sud ajrimi to‘rt oydan ortiq ijro etilmagani oqibatida 2025 yil 1-may kuni to‘rt yoshli bola o‘ldirilgan fojiani misol qilib keltirdi va ichki ishlar organlarining imkoniyatlari yetarlimi, degan savolni qo‘ydi.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari Rahimjon Naimov aybdor xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, ammo tizimda shifoxonalarda bemorlarni qabul qilish uchun bo‘sh o‘rinlar kamligi, masofa va ma’muriy tartiblar bilan bog‘liq muammolar borligini bildirdi. Uning aytishicha, xizmat tekshiruvlaridan so‘ng xodimlarni qayta o‘qitish choralari ko‘rilmoqda.

Biroq senator Abdulhakim Eshmurodov bu javobdan qoniqmaganini aytdi.

«Denov tumaniga yaqin masofadagi Sharg‘un shahrida davolash muassasasi bor. Siz esa masofa uzoq dedingiz. Shunaqa deyishingizni oldindan bilganimiz uchun aniq misol keltirdim. Bunda xodimlar mas’uliyatini kuchaytirish kerak. Nima uchun ichki ishlar boshlig‘i ajrim ijrosini nazorat qilmadi? 4,5 oy ham nazorat qilmaydimi? Mayli, ichki ishlar xodimi javobgarlikka tortilibdi. Lekin sud ajrimini ta’minlashni nazorat qiladigan shaxs, mansabdor nega javobgarlikka tortilmadi? Bizda juda ko‘p misollar bor. Men faqat bittasini keltirdim xolos. Bahona qilmaslik kerak, mas’uliyatni oshirish lozim», dedi Abdulhakim Eshmurodov.

Bahsga Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ham qo‘shilib, ichki ishlar vakillari majlisga tayyorlanmay kelganini bildirdi.

«Senator ichki ishlari tizimida ijro intizomini kuchaytirishni talab qilyapti va u haq. Begunoh odam o‘lib ketmasligi kerak. Bitta xodimni javobgar qilgan bilan tinchib qolmaydi. Xodim mas’uliyat zimmasida ekanini sezishi zarur. Menimcha, profilaktika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari majlisga tayyorlanmasdan kelibdi», dedi Qutbiddin Burxonov.

Senat raisi Tanzila Norboyeva e’tirozlarni o‘rinli deb baholab, mas’ullardan muammolar bo‘yicha aniq hisobot tayyorlashni talab qildi.

Teglar

Mavzuga oid