
Bangladeshda sobiq bosh vazir o‘lim jazosiga hukm etildi
Bangladeshda o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan hukumatga qarshi namoyishlarda qon to‘kilgani uchun sobiq bosh vazir Shayx Hasina va uning ichki ishlar vaziri o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Dakkadagi maxsus sud tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra, Shayx Hasina va Asaduzzamon Xon Kamol 2024 yilda talabalar boshchiligida boshlangan va minglab odamlar o‘limiga olib kelgan namoyishlarda «insoniyatga qarshi jinoyatlar»da aybdor deb topildi. Hasina namoyishchilarga qarshi o‘limga olib keluvchi qurollarni ishlatishga buyruq bergani uchun ham javobgar hisoblandi.
Sud jarayonida sobiq politsiya boshlig‘i Abdulla al-Mamun esa sudga yordam ko‘rsatgani va moddiy dalillarni taqdim etgani uchun 5 yillik qamoq jazosi bilan cheklandi. O‘lim jazosi e’lon qilingan paytda sud zalida va tashqarisida shovqin va qarsaklar yangradi, ayrimlar aybdorlar darhol qatl etilishini talab qildi.
Shayx Hasina sud hukmini «siyosiy intiqom» va «adolatsiz» deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sud organlari qonuniy mandatga ega bo‘lmagan hukumat tomonidan tuzilgan. «Bu qarorlar bir tomonlama va siyosiy manfaatlar bilan ilhomlangan», dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning yozida Bangladeshda mustaqillik urushi qatnashchilarining avlodlari uchun kvota tizimiga qarshi keng qamrovli namoyishlar bo‘lib o‘tgan, talabalar boshchiligidagi xarakatlar butun mamlakat bo‘ylab yoyilib ketgan edi. 5-avgust kuni politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng Shayx Hasina iste’fo berib, Hindistonga qochgan. Keyinchalik muvaqqat hukumat tuzilgan va unga Nobel mukofoti sohibidan biri Muhammad Yunus rahbarlik qilayotgani e’lon qilingandi.
Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, namoyishlarda 621 kishi halok bo‘lgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa bu ko‘rsatkichni taxminan 1400 deb baholagan.





