
Bank of America: Oltin 2026 yilda unsiyasi 5000 dollarga yetishi mumkin
Bank of America taxminiga ko‘ra, AQSH siyosati va global talab 2026 yilda oltin narxini unsiyasiga tarixiy 5000 dollar chegarasigacha yetkazishi mumkin.

Bank of America (BofA) 2026 yil uchun oltin narxi bo‘yicha rekord prognozi e’lon qildi. Bankning Investing.com nashriga yuborgan tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qimmatbaho metall unsiyasi 2026 yilda 5000 dollar chegarasiga yetishi mumkin.
BofA strateglari Maykl Otmer rahbarligida tayyorlagan «Kelasi yilga nazar» nomli hisobotida ta’kidlanishicha, oltin hozirda texnik jihatdan «ortiqcha sotib olingan» holatda bo‘lsa-da, investitsiyaviy nuqtayi nazardan hanuz yetarlicha qamrab olinmagan. Bu esa bozorni yuqori baholarga qaramay qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Bank mutaxassislari AQSHdagi noan’anaviy iqtisodiy siyosat, xususan, Federal rezerv tizimining hozirgi pozitsiyasi, 2025 yilda oltin narxining o‘sishiga xizmat qilgan bosh omillardan biri bo‘lganini ta’kidlamoqda. Bu makroiqtisodiy muhit 2026 yilda ham saqlanib qolsa, unsiyasi uchun 5000 dollar narx real ko‘rinish kasb etishi mumkin.
Shu bilan birga, BofA oltinning o‘rtacha narxi 2026 yilda 4538 dollar bo‘lishini kutmoqda. Bu hisob-kitoblar qator xomashyo bozorlaridagi cheklangan taklif, zaxiralarning kamligi va mintaqalar bo‘yicha nomuvofiq talab bilan bog‘liq kengroq tendensiya doirasida berilmoqda.
Boshqa metallar bo‘yicha esa vaziyat boshqacha. Masalan, bank mis va alyuminiy ta’minotida 2026 yilda ham cheklovlar saqlanishini taxmin qilmoqda. Agar Xitoydagi talab 3 foizdan ortiq pasaymasa, mis tanqisligi davom etadi, deb hisoblaydi bank. AQSH va Yevropadagi talab esa bu jarayonni muvozanatlashtirishi mumkin.





