Beeline, Ucell, Mobiuz va Uztelecom: 2025 yilda qaysi aloqa operatori ko‘proq soliq to‘ladi?

Bugun 21:202 daqiqa

2025 yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi soliq tushumlari ichida aloqa operatorlari muhim ulushni ta’minladi. To‘rtta kompaniya bir yilda davlatga jami 2 452,5 mlrd so‘m soliq to‘ladi.

Beeline, Ucell, Mobiuz va Uztelecom: 2025 yilda qaysi aloqa operatori ko‘proq soliq to‘ladi?

2025 yilda aloqa operatorlari o‘rtasida eng yirik soliq to‘lovchi kompaniya «O‘zbektelekom» bo‘ldi. Davlat Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yili budjetga 1,36 trln so‘m soliq to‘lagan.

O‘z navbatida 2025 yil «O‘zbektelekom» uchun moliyaviy jihatdan keskin o‘sish yiliga aylandi. Kompaniya o‘tgan yilning 9 oyida 321 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi. Solishtirish uchun, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich atigi 17,4 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.

«Unitel» MCHJ — «Beeline» «O‘zbektelekom»dan qariyb uch barobar kam ko‘rsatkich bilan 2025 yilda budjetga 495,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

O‘zbekistondagi yirik xususiy mobil aloqa operatorlaridan biri hisoblangan «Beeline» (Unitel)ning 2025 yildagi moliyaviy natijalari hozircha ochiqlanmagan. iHamkor.uz ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2024 yilda 146,1 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan.

«Coscom» ya’ni «Ucell» 360,3 mlrd so‘m soliq to‘ladi. «Ucell»ning ham 2025 yildagi foyda va zarari haqida ma’lumot e’lon qilinmagan. Lekin kompaniya 2024 yilda «Uztelecom»dan ham «Beeline»dan ham ko‘proq: 254,6 mlrd so‘m foyda olgan.

«Mobiuz» (Universal Mobile Systems) esa 2025 yilda budjetga 235,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Shuningdek, operator o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 173,6 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan.

Ma’lumot uchun, hozirda «Mobiuz» kompaniyasini xususiylashtirish jarayonlari ketmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025 yil 30-dekabrdagi bayonotiga ko‘ra, (https://gov.uz/uz/davaktiv/news/view/115357) kompaniyani sotib olishga davogar bo’lgan 6 ta talabgorning majburiyatga ega takliflari qabul qilib olinga va ulardan 3 tasi jozibali deb topilgan. Jozibali deb topilgan takliflar egalariga 23-yanvargacha o‘z takliflarini yaxshilash uchun muhlat berilgan. Muddat tugadi, lekin haligacha Davaktiv rasmiy bayonot bermadi. 

«Mobiuz» ni xususiylashtirish uchun strategik va moliyaviy konsultant sifatida «Rothschild & Co», soliq va yuridik ekspertiza uchun «KPMG», mustaqil baholovchi sifatida «Deloitte» kompaniyalari jalb etilgan.

Teglar

Mavzuga oid