Bir barrel neft narxi ilk bor 109 dollardan oshdi
Toshkent vaqti bilan soat 04:10 holatiga ko‘ra, «Brent» markali neft narxi 109.87 dollar darajasida qayd etildi.

Londonning ICE birjasida 2026 yil may oyida yetkazib beriladigan «Brent» markali neft narxi 2022-yil 30-avgustdan buyon birinchi marta bir barrel uchun 102 dollardan oshdi. Bu haqda savdo ma’lumotlari dalolat bermoqda.
Ma’lumot uchun, 1 standart neft barreli 159 litr — aniqrog‘i 158.98 litrga teng.
Neft narxining bir barrel uchun 102 dollardan oshishi so‘nggi o‘n kun ichida Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan global siyosiy zilzilalarning bevosita oqibatidir.
Eron bilan ochiq urushning boshlanishi
2026-yil 28-fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi urush boshlangani neft bozorini karaxt holatga tushirib qo‘ydi. Urushning ilk soatlaridayoq Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning Tehronda o‘ldirilishi vaziyatni qaytarib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yubordi. Bu voqea dunyoning eng yirik energiya yo‘laklaridan biri bo‘lgan Fors ko‘rfazida xavfsizlikni yo‘qqa chiqardi.
Infratuzilmalarga hujum
Janglar ikkinchi haftaga o‘tar ekan, tomonlar strategik inshootlarga zarba berishni boshladi: AQSH va Isroil ilk bor Tehrondagi neft omborlari va qayta ishlash zavodlarini nishonga oldi. Eron bunga javoban Fors ko‘rfazi bo‘ylab, jumladan, Bahrayndagi muhim suv tuzsizlantirish inshootlariga dronlar bilan hujum qildi. Dunyo neft tashish tizimining «arteriyasi» hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish deyarli to‘xtab qoldi, bu esa kunlik ta’minotda katta uzilishlarni keltirib chiqardi.
Erondagi yangi rahbariyat
8-mart kuni Mujtabo Xomanaiyning Eronning yangi Oliy rahbari etib tayinlanishi bozorga «urush davom etadi» degan signalni berdi. Donald Trampning «yangi rahbar bizning roziligimizsiz uzoqqa bormaydi» degan keskin bayonotlari va Eron tomonining buni keskin rad etishi yaqin orada diplomatik yechim topilmasligini ko‘rsatmoqda.
Muqobil manbalar va Venesuela omili
AQSH ma’muriyati neft narxini jilovlash uchun Venesuelaga umid bog‘lagan. Yanvar oyida Nikolas Maduroning AQSH tomonidan qo‘lga olinishidan so‘ng, Vashington Venesuela neft zaxiralaridan foydalanishga harakat qilmoqda. Biroq, ekspertlarning fikricha, Venesuelaning vayrona holatdagi neft sanoatini qayta tiklash uchun yillar kerak va u hozirgi taqchillikni tezkorlik bilan qoplay olmaydi.





