Birjada benzin narxi rekord darajaga chiqdi
O‘zbekistonda AI-92 benzini tonnasi uchun birjadagi narx qariyb 14 mln so‘mga yetdi. Bu yangi rekord.
© natemat.plRespublika tovar-xomashyo birjasida 1-iyul kuni o‘tkazilgan savdolarda AI-92 benzini narxi tarixiy rekordni yangiladi.
Birja axborot xizmati 1-iyuldan boshlab AI-92 benzini bo‘yicha markalar kesimida ma’lumot berishni boshladi.
Savdolar davomida AI-92 narxi 0,6 foizga oshib, 13,96 mln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi rekordni yangiladi.
Shuningdek, AI-92 K-2 benzini tonnasi 15,5 mln so‘mdan sotilgan bo‘lsa, AI-92 K-2 L benzini 13,86 mln so‘mdan sotildi.
Birjada benzin narxi so‘nggi haftalarda sezilarli o‘sishni boshladi. 1-iyundan beri narx 12 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Narxlar o‘sishi Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumi oqibatida yuzaga kelgan benzin tanqisligi fonida yuz bermoqda.
Ukraina hujumidan keyin Rossiya hukumati Qozog‘iston va boshqa davlatlardan benzin qidirishni boshlagandi. Shundan so‘ng Hindistondan benzin eksporti yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda ham iyun oyi o‘rtalarida birjada tanqislik ortidan benzin taklifi sezilarli qisqarib ketgandi. Keyinchalik taklif tiklangan bo‘lsa-da, narxlar o‘sishda davom etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi shahobchalarda import AI-92 benzini litri uchun 13 000 so‘m yoki undan qimmatroqqa sotilmoqda.
Avvalroq Qirg‘iziston ham benzin ta’minoti bo‘yicha O‘zbekiston va boshqa hamkor davlatlardan yordam so‘ragani xabar qilingandi.





