Bishkekdan kelgan xorijlikning «sport ozuqasi» ichidan narkotiklar topildi

10.03.2026 | 17:252 daqiqa

Qolaversa, Surxondaryoda qiymati 180 ming dollarga teng bo‘lgan opiy partiyasining noqonuniy savdosiga ham nuqta qo‘yildi.

Bishkekdan kelgan xorijlikning «sport ozuqasi» ichidan narkotiklar topildi

Toshkent xalqaro aeroportida Bishkekdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosining jomadonida sport ozuqasi sifatida ko‘rsatilgan giyohvandlik moddalari aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari poytaxt aeroportida Bishkekdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlanib, jomadonida sintetik giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringanini aniqlagan.

«Go‘yoki sport ozuqasi tarzida olib o‘tilayotgan 2 ta qutidagi 684 dona kapsula tarkibida 560,75 gramm «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi mavjudligi aniqlandi. Shundan so‘ng mazkur narkojinoyatning ildiziga yetib borish maqsadida kompleksning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari vakillarini jalb qilgan holda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi», - deyiladi xabarda.

Qo‘mitaga ko‘ra, xorijdan olib kirilgan 560,75 gramm «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan shaxs ham Bektemir tumanida qo‘lga olingan.

Ushbu shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 114 dona kapsulada taxminan 80 gramm og‘irlikdagi «ALFA-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi va ularni tarqatish uchun hozirlangan 37 dona o‘ramchalar, 2 gramm og‘irlikdagi marixuana, 2 dona o‘ramda 30 gramm og‘irlikda boshqa turdagi sintetik narkotik modda, 4 dona elektron tarozi, izolentalar va zip paketlar mavjudligi aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olingan.

Shuningdek, «Toshkent-Aero» IBK Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi tomonidan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs yonidagi 14 dona o‘ramga joylangan 14 kg 680 gramm og‘irlikdagi «opiy» giyohvandlik vositasini 180 ming dollarga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda har ikkala holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, bojxonachilar yil boshidan buyon aniqlangan 171 ta holatda 383 kilogrammdan ziyod giyohvandilk vositalarining bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishgan.

Teglar

Mavzuga oid