“Biznesni rivojlantirish banki" rahbariyati Andijonda tadbirkorlar bilan muloqot qildi
Davlatimiz rahbarining 23–24-sentyabr kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni samarali yoʻnaltirish va bank xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shunga koʻra, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi rahbariyati anʼanaviy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasdan, mijoz biznesini oʻstirish tamoyili asosida ishlashi boshlab yubordi.
Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning joylardagi ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimligida Markaziy bank, tijorat banklari va viloyat hokimligi rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida oʻtkazilgan muloqotda ham bu ishlar haqida taqdimot oʻtkazildi.
Jumladan, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimotida masalalarni yuqoridan pastga yetkazish emas, balki tadbirkorning bevosita oʻzidan eshitishga urgʻu berilganida boʻldi. Taʼkidlanganidek, tadbirkor uchun bank faqat kredit beruvchi moliyaviy muassasa emas, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihani boshlash, zamonaviy uskuna xarid qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport bozorlariga chiqishda muhim moliyaviy hamkor boʻlishi kerak.
Muloqot davomida tadbirkorlarning bank sohasiga oid taklif va murojaatlari tinglandi. Muhimi, bunday ochiq muloqotlar orqali hududdagi tadbirkorlik muhitida mavjud masalalarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish imkoniyati kengayadi.
Biznesni rivojlantirish banki va tadbirkor oʻrtasidagi muloqotning ochiqligi, moliyaviy xizmatlarning qulayligi va loyihalarga individual yondashuv — iqtisodiy islohotlarning joylardagi amaliy natijasini belgilaydigan muhim omillardan biridir.
Prezident tashrifi davomida belgilangan vazifalarning hududlardagi ijrosi esa bunday muloqotlar orqali aniq maqsad va amaliy choralarga aylanib boradi.
Bank axborot xizmati





