BMT Isroil jinoyatlari bo‘yicha o‘z hisobotini e’lon qildi
BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Isroilni ochlikdan urush quroli sifatida foydalanishda aybladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi G‘azo sektori va bosib olingan Iordan daryosining g‘arbiy sohilida Isroil tomonidan etnik tozalash ishlari amalga oshirilayotgani haqida xabar berdi.
G‘azoda etnik tozalash va ochlik siyosati
Jenevada 19-fevral, payshanba kuni taqdim etilgan hisobotda qayd etilishicha, tez-tez amalga oshirilayotgan hujumlar va majburiy ko‘chirishlar, «falastinliklarni bosib olingan hududlardan qaytmas qilib haydab chiqarishga qaratilgan».
Hujjat 2024 yil 1-noyabrdan 2025 yil 31-oktabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Isroilga nisbatan inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzish, jumladan, butun boshli shahar mahallalarini tizimli ravishda vayron qilish va gumanitar yordamni to‘sib qo‘yish orqali G‘azo sektorida demografik o‘zgarishlarga erishishga urinish ayblovlari qo‘yilmoqda.
Hisobot mualliflari ochlik oqibatida 460 ga yaqin falastinlik halok bo‘lganini qayd etishgan, ularning uchdan bir qismi bolalardir. Hujjatda ta’kidlanishicha, aholiga qarshi urush olib borish usuli sifatida ochlikdan foydalanish — harbiy jinoyat, ayrim shartlar bajarilganda esa insoniyatga qarshi jinoyat sifatida ham baholanishi mumkin.
Jazosizlik muhiti
BMT hisobotida aytilishicha, Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi vaziyat Isroil armiyasi tomonidan kuchning «tizimli va noqonuniy ravishda ishlatishi» bilan tavsiflanadi, bu esa o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va qiynoqlar orqali namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, Falastin ma’muriyati tomonidan kuchning asossiz qo‘llanilishi holatlari ham tanqid ostiga olingan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk Isroil sud tizimi amaldorlar hamda yahudiy ko‘chmanchilarni qonunbuzarliklar uchun javobgarlikka tortmayotgani sharoitida «jazosizlik muhiti» mavjudligini ta’kidladi.
«Jazosizlik shunchaki mavhum tushuncha emas, u insonlar hayoti evaziga sodir bo‘lmoqda», — deya ta’kidladi Turk va javobgarlikni adolatli tinchlik uchun zarur shart deb atadi.
Isroilga qurol yetkazib berishga embargo qo‘yish chaqirig‘i
BMT Isroilni falastin hududlaridagi noqonuniy mavjudligiga «imkon qadar tezroq» chek qo‘yishga chaqirdi. Xalqaro hamjamiyatga Isroilga qurol sotishni to‘xtatish tavsiya etildi, chunki ushbu qurollar «xalqaro gumanitar huquq normalarini buzuvchi harakatlar uchun ishlatilmoqda».
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, G‘azo sektorini qayta tiklash va tinchlikni ta’minlash uchun, jabrlanuvchilar uchun adolat qaror topishi, falastinliklar esa davlat tuzilmalarini boshqarishga zudlik bilan jalb etilishi lozim.
Isroil ayblovlarni rad etdi
Isroil ushbu ayblovlarni rad etib, BMT Inson huquqlari kengashini anchadan buyon xolis emas deb hisoblashini bildirdi. Mamlakatning Jenevadagi vakolatxonasi bayonotida da’vo qilinishicha, «Oliy komissar boshqarmasi Isroil Davlatiga qarshi dezinformatsiya kampaniyasini olib bormoqda».




