Logo

BMT Isroilning genotsid urushi bo‘yicha hisobot e’lon qildi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hukumati va xavfsizlik kuchlari ataylab falastinlik bolalarni nishonga olmoqda.

BMT Isroilning genotsid urushi bo‘yicha hisobot e’lon qildi

BMTning xalqaro komissiyasi Isroilni falastinliklarni genotsid qilishda ayblovchi hisobotni e’lon qildi. Bu haqda «Reuters» axborot agentligi xabar berdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Isroil harbiylari G‘azo sektorida bolalarni qasddan nishonga olmoqda. Bunday harakatlar insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari hisoblanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, bu kabi hujumlar ommaviy va tizimli amalga oshirilgan. Oqibatda voyaga yetmaganlar orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni misli ko‘rilmagan darajaga yetgan.

BMT tergovchilariga ko‘ra, bolalarning nishonga olinishi Isroilning falastinliklarni qisman yoki butunlay yo‘q qilish maqsadidan dalolat beradi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu genotsidning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.

Bolalar eng ko‘p nishonga olinmoqda

Og‘ir jarohatlar, ota-onasidan judo bo‘lish, ochlik, shuningdek, maktab va shifoxonalarning vayron etilishi minglab g‘azoliklarning bolaligini barbod qilmoqda. Ushbu jarohatlarning asoratlari jabrlangan bolalarning butun umri davomida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Odatiy hayotni qayta tiklash uchun esa yillar talab etiladi.

Hisobotda keltirilishicha, G‘azodagi urushda halok bo‘lganlarning qariyb 30 foizini bolalar tashkil qilgan. Aniqrog‘i, 2023 yil oktabridan 2025 yil oktabrigacha bo‘lgan davr ichida 20 mingdan ortiq bola qurbon bo‘lgan.

Isroil rad etdi

Isroil tomoni komissiya xulosalarini rad etdi. BMTdagi Isroil missiyasi armiya tinch aholiga yetadigan talafotni kamaytirish uchun zarur choralar ko‘rayotganini da’vo qildi.

Bundan tashqari, hisobotda Isroilga nisbatan G‘arbiy sohildagi vaziyat bo‘yicha ham ayblovlar ilgari surilgan. Jumladan, falastinlik bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish va hibsga olingan voyaga yetmaganlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari keskin qoralangan.

Teglar

Mavzuga oid