BMT xulosasi: AQSH va Isroilning Eronga hujumi xalqaro huquqqa zid

05.03.2026 | 07:552 daqiqa

Birlashgan Millatlar Tashkilotining mustaqil xalqaro missiyasi Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar yuzasidan o‘z bayonotini e’lon qildi: har ikki tomonning zarbalari tashkilot Nizomini qo‘pol ravishda buzish, deya baholanmoqda.

BMT xulosasi: AQSH va Isroilning Eronga hujumi xalqaro huquqqa zid

«Reuters» nashrining yozishicha, BMT missiyasi AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumlarini, shuningdek, Tehronning qaytargan javob zarbalarini tashkilot Nizomiga zid deb topdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, BMT Nizomi har qanday davlatning «hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi» kuch ishlatishni qat’iyan man etadi.

Tashkilot ekspertlari Eron aholisi bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli harbiy kampaniya hamda inson huquqlarini buzish tarixiga ega Tehron hukumati o‘rtasida «qisilib qolganini» alohida qayd etdilar.

Mazkur vaziyat yuzasidan Rossiya va Xitoy so‘roviga ko‘ra BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbusni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘llab-quvvatladi. Bosh kotib Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi voqealarni xalqaro tinchlik va xavfsizlikka nisbatan jiddiy tahdid deb baholadi. Diplomatik doiralarda mojaroni to‘xtatish bo‘yicha bosim kuchaymoqda, biroq harbiy harakatlarning shiddati pasaymayapti.

 

Harbiy amaliyot maqsadlari

AQSH va Isroilning Eronga qarshi amaliyoti 2026-yil 28-fevral kuni ertalab boshlangan edi. Vashingtonning bildirishicha, asosiy maqsad — Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, respublika harbiy-dengiz flotini yo‘q qilish hamda mintaqadagi HAMAS va «Hizbulloh» kabi guruhlarni zararsizlantirishdir. Janglar davomida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy hamda bir qator yuqori martabali harbiy va siyosiy mulozimlar yo‘q qilindi.

Mintaqadagi vaziyat Eronning yangi rahbari sifatida Mo‘jtaba Xomanaiy saylanishi bilan yanada murakkablashdi. Isroil tomoni Eronning har qanday yangi rahbari «yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan aniq nishon» bo‘lishini ochiqdan-ochiq e’lon qildi.

 

Xavfsizlikka tahdid

Harbiy harakatlarning global energiya bozoriga ta’siri allaqachon sezila boshladi. BMT ekspertlari mojaroning uzoq davom etishi gumanitar inqirozni keltirib chiqarishidan ogohlantirmoqda. Har ikki tomonning xalqaro huquq normalariga rioya qilmayotgani BMTning dunyoda tinchlikni saqlashdagi rolini shubha ostiga qo‘ymoqda.

Xalqaro hamjamiyat zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar stoliga qaytishga chaqirmoqda. Biroq tomonlarning qat’iy pozitsiyasi va o‘zaro nafrat tinchlikka erishish yo‘lida asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid