Bojxona omborlari orqali sotiladigan smartfon va noutbuklarga boj joriy etiladi

Bugun 12:552 daqiqa

O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish doirasida bond omborlari orqali sotiladigan tovarlar uchun yangi boj va soliq stavkalari belgilandi.

Bojxona omborlari orqali sotiladigan smartfon va noutbuklarga boj joriy etiladi © habr.com

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida yangi tartib joriy etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni imzolagan qarorga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab ikki yillik eksperiment tarzida bond omborlari tizimi ishga tushiriladi.

Yangi tizim doirasida import qilinadigan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi ular sotilgandan keyin amalga oshiriladi. Bu jarayon yuborish deklaratsiyasi asosida bajariladi va elektron tijorat ishtirokchilari uchun qulaylik yaratadi.

Boj qiymati

Qarorga muvofiq, smartfonlar, noutbuklar, planshetlar hamda ayrim turdagi maishiy texnika vositalari uchun yagona bojxona to‘lovi joriy etildi. Unga ko‘ra, ushbu mahsulotlar bond omborlari orqali sotilganda ularning sotish qiymatidan 5 foiz miqdorida boj undiriladi. Bunda bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi.

Shu bilan birga, kiyim-kechak, poyabzal va yana 30 ga yaqin tovar toifalari uchun alohida tartib belgilandi. Ushbu mahsulotlar sotilganda 3 foiz bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) undiriladi. Ro‘yxatga trikotaj mahsulotlari, ustki kiyimlar, bolalar kiyimlari, shuningdek turli xil poyabzallar kiradi.

Tovar qiymatdan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi

Agar tovar sotish qiymati uning bojxona qiymatidan past bo‘lsa, to‘lovlar bojxona qiymati asosida hisoblanadi. Bundan tashqari, bond omborlari orqali keltirilgan tovarlar bo‘yicha tushumlar alohida hisobga olinadi.

Nazoratni kuchaytirish maqsadida bojxona va soliq organlari marketpleyslar bilan hamkorlikda tovar aylanmasini monitoring qiladi. Agar tovarlar tijorat maqsadida qayta sotilayotgani aniqlansa, ularga nisbatan umumiy tartibdagi bojxona to‘lovlari qo‘llaniladi.

Mavzuga oid