Bolgariya ishchi kuchi tanqisligini qoplash uchun o‘zbekistonliklarga murojaat qildi
«Trading Economics» ma’lumotlariga ko‘ra, eng kam ishi haqiga ishlayotgan o‘zbekistonlik Bolgariyada 7,1 baravar ko‘proq ishlab topishi mumkin.

So‘nggi uch yil ichida Bolgariya tobora ortib borayotgan ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etish uchun 108 mingdan ortiq xorijiy ishchini yolladi. Mamlakatdagi ishga yollaydigan bir qator firmalarning sahifalarida o‘zbekistonliklar uchun ish e’lonlari joylashtirilmoqda. Bu haqda «Balkan Insights» xabar berdi.
Mamlakatning mehnat va ijtimoiy siyosat vaziri Natalya Yefremova Bolgariyada ishsizlik juda past — 2,8 foizdan 3,2 foizgacha ekani, ammo ko‘plab mahalliy ishsizlarning malakasi pastligini aytib, chet elliklarni ishga yollash kerakligini urg‘ulagan.
«Bandlik idoralarida ro‘yxatdan o‘tgan odamlar guruhlari mavjud, ammo afsuski, ularning deyarli yarmi juda past malakaga ega yoki umuman malakaga ega emas. Bu bugungi kunda mehnat bozori duch kelayotgan asosiy qiyinchilik. Shu sababli ish beruvchilar kerakli ishchi kuchini ta’minlash maqsadida tobora ko‘proq chet elga murojaat qilmoqda», — dedi Yefremova.
2026-yilda Bolgariyada Yevropa Ittifoqidan bo‘lmagan, odatda Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston, qolaversa, Indoneziya, Nepal va Hindistondan bo‘lgan xorijiy ishchilar soni eng yuqori cho‘qqiga chiqishi kutilmoqda.
Bolgariya Milliy bandlik agentligining yozgi sayyohlik mavsumi boshlanishidan oldin mart oyida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 18 ming 989 nafar yangi xorijiy ishchi ishlay boshlagan va umumiy son 2025-yilda kuzatilgan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich — 49 ming 179 ishchidan oshib ketishi kutilmoqda. Mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Plovdivda O‘zbekiston va Hindistondan borgan migrantlar jamoat transportida haydovchi sifatida ishga kirmoqda. Sababi haydovchi bo‘lib ishlashni xohlaydigan bolgariyaliklarning aksariyati keksa yoshda ekani ta’kidlangan.
8-iyul kuni Bolgariya milliy televideniyesi ushbu mamlakatlardan borgan 150 ga yaqin haydovchi endi Plovdiv ko‘chalarida harakatlana boshlashi va ularning ish bilan ta’minlanishi yollash firmasi va munitsipalitet o‘rtasidagi hamkorlik orqali ta’minlanishini xabar qildi. Turli ishga yollash agentliklarining veb-saytlarida ishchilar odatda ish muddati bo‘yicha guruhlarga ajratiladi: qisqa muddatga, bir necha oyga yoki butun yil davomida ishlash uchun talab qilinadigan xodimlar.

Osiyodan borgan ishchilarni Bolgariyada taklif etilayotgan yuqori maoshlar o‘ziga jalb qilmoqda. U yerda ular oladigan ish haqi o‘z vatanlaridagiga nisbatan kamida ikki baravar yuqori. Ular faqat xizmat ko‘rsatish sohasida emas, balki qishloq xo‘jaligida ham ishlamoqda. Moliyaviy tahlil platformasi bo‘lmish «Trading Economics» ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq SSSR davlati bo‘lgan O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi oyiga 87 yevrodan (99,4 dollar) kam, o‘rtacha oylik ish haqi esa taxminan 424 yevroni (484 dollar) tashkil etadi. Bolgariyada esa eng kam oylik ish haqi qariyb 620 yevroga (708 dollar) teng.
Migrant haydovchilarning Plovdiv shahriga borishi ayni nozik davrga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki mahalliy aholi transport tizimidagi muammolar, yo‘l harakati infratuzilmasining yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani hamda xususiy transport kompaniyalariga haddan tashqari qaramlik sababli tez-tez norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zbekistonliklarni oilasi bilan birga Belarusga ko‘chib borib, u yerda ishlashga chaqirgandi. U O‘zbekistonda suv yetishmasligi va yer masalasida muammolar borligini aytib, o‘zining mamlakatida resurslar ko‘pligini urg‘uladi.





