Logo

Boysundagi avariyaga Xitoy mutaxassislari jalb qilinadi

«O‘zbekneftgaz» Boysundagi texnogen avariyani bartaraf etish ishlarini tezlashtirish uchun Xitoyning CCDC kompaniyasi mutaxassislarini jalb etishini ma’lum qildi.

Boysundagi avariyaga Xitoy mutaxassislari jalb qilinadi

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy milliy neft korporatsiyasi tarkibidagi CCDC burg‘ilash kompaniyasi vakillari bilan Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi texnogen avariyani bartaraf etish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha amaliy choralar kelishib olindi. Xususan, obyektga maxsus burg‘ilash dastgohlari, yuqori bosim sharoitida ishlashga mo‘ljallangan texnologik uskunalar va boshqa zarur texnik vositalarni yetkazish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda qutqaruv-burg‘ilash ishlarini tezkor boshlash rejalashtirilgan.

Tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun ikki kompaniya mutaxassislari o‘rtasidagi texnik hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, avariya to‘liq bartaraf etilgach, neft-gaz sohasida yangi burg‘ilash va geologiya-qidiruv loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tezkor choralar rejasi

Uchrashuv davomida avariyani bartaraf etish ishlariga tayyorgarlikni maksimal darajada qisqa muddatlarda yakunlash zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun yuqori bosimda ishlaydigan maxsus uskunalar va texnik vositalarni obyektga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Shu bilan birga, murakkab sharoitlarda ishlash tajribasiga ega mutaxassislarni jalb qilish hamda qutqaruv-burg‘ilash ishlarini kechiktirmasdan boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

«O‘zbekneftgaz» ma’lumotiga ko‘ra, hamkorlikning asosiy maqsadi texnogen avariyani xavfsiz va qisqa muddatlarda bartaraf etish, keyin esa konni barqaror ekspluatatsiya qilish uchun zarur texnik yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.

Ma’lumot uchun, Boysun tumanida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koni O‘zbekistonning eng yirik gaz konlaridan biri bo‘lib, uning zaxiralari 150 milliard kub metrdan ortiq deb baholanadi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, zaxiralar 170 milliard kub metrgacha yetishi mumkin.

Kondagi yirik avariya 2024-yil 1-sentabrda 604-quduqda burg‘ilash ishlari vaqtida yuz bergan. Keyinchalik 17-sentabrda yana bir portlash sodir bo‘lib, to‘rt nafar ishchi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.

2025-yil mart va may oylarida ham portlashlar kuzatilgan, noyabr oyida esa gaz sizib chiqqani haqida xabarlar tarqalgan. Shu vaqt davomida mahalliy aholi gaz hidi va ekologik holat yuzasidan bir necha bor xavotir bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid