
Britaniya 2018-yilda Skripallarni zaharlashni shaxsan Putin buyurganini ta’kidlamoqda
Londondagi tergov komissiyasi 2018-yilda sodir bo‘lgan razvedkachi Skripal hodisasi uchun buyruq to‘g‘ridan to‘g‘ri Vladimir Putin tomonidan berilgani haqida shak-shubhasiz xulosa chiqardi.

Buyuk Britaniya Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yilda Sergey Skripalni zaharlashni buyurganini ta’kidlagan hisobotni e’lon qildi, deb yozadi BILD nashri.
Buyuk Britaniya tergov komissiyasi o‘z hisobotida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yilda sobiq rossiyalik razvedkachi Sergey Skripalga qarshi asab tizimini falajlovchi modda qo‘llashni buyurgani haqida ma’lum qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, hujumni aynan Rossiya amalga oshirganiga doir dalillar «shak-shubhasiz». Shuningdek, «beparvolik bilan kuch ishlatish» oqibatida begona ayol qurbon bo‘lgani qayd etilgan.
2018 yil mart oyida Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Angliyaning janubidagi Solsberi shahrida joylashgan bog‘dagi o‘rindiqda hushsiz holda topilgan edi. Bu hodisa ularning uy eshigi tutqichiga «Novichok» moddasi surtilganidan so‘ng yuz bergan.
Taxminan to‘rt oy o‘tgach, 44 yoshli Doun Sterjess vafot etdi. Bu voqea uning hamrohi rossiyalik agentlar zaharni mamlakatga olib kirish uchun ishlatgan soxta atir idishini topganidan so‘ng yuz berdi. Skripal va uning qizi esa tirik qolgan.
Tergov komissiyasi raisi va Oliy sudning sobiq sudyasi Entoni Hyuz Skripalni o‘ldirmoqchi bo‘lgan guruh GRU (Bosh razvedka boshqarmasi) zobitlaridan iborat ekaniga qat’iy ishonch bildirdi.
«Men Sergey Skripalni o‘ldirish operatsiyasi eng yuqori darajada — prezident Putin tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldim», — deyiladi hisobotda.
Shundan so‘ng Britaniya hukumati GRUga qarshi yangi cheklovlar joriy etdi va Rossiya elchisini chaqirtirdi.
«Birlashgan Qirollik har doim Putinning shafqatsiz rejimiga qarshi turadi va uning o‘lim mashinasini o‘z nomi bilan ataydi», — dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer.
Rossiyaning Londondagi elchixonasi hozircha bu borada izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Buyuk Britaniya hukumati rahbari Tereza Mey Rossiyani Sergey Skripal va uning qiziga suiqasd uyushtirishda ayblagan edi. O‘shanda Rossiya hukumati bu ayblovlarni rad etgan.
O‘sha yili Mey xalqaro mojaro sababli na britaniyalik amaldorlar, na qirollik oilasi a’zolari 2018 yili Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatiga bormasligini ma’lum qilgan edi.





