add

Brokerlar reytingi: Alkes Research bitimlar sonida ham, savdo hajmida ham yetakchi

Bugun 10:002063 daqiqa

«Toshkent» fond birjasi brokerlar faoliyatiga oid reytingni e’lon qildi. U bozordagi asosiy o‘yinchilarning pozitsiyasi va ularning biznes modellari qanday farqlanishini yaxshi ko‘rsatib bermoqda.

Brokerlar reytingi: Alkes Research bitimlar sonida ham, savdo hajmida ham yetakchi

«Toshkent» Respublika fond birjasi 2025 yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha brokerlar faoliyatiga oid statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Bitimlar soni va savdo hajmi bo‘yicha tuzilgan TOP-10 reytinglar bozordagi asosiy o‘yinchilarning pozitsiyasi va ularning biznes modellari qanday farqlanishini yaxshi ko‘rsatib bermoqda.

Noyabr oyida eng ko‘p bitim — 31 380 ta bilan «Alkes Research» hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi «Freedom Finance» (8253) va uchinchi o‘rindagi «Portfolio Investment» (7669) natijalaridan bir necha baravar yuqori.

Keyingi o‘rinlarni «Kapital-Depozit» (6206 ta), «Leader Finance Capital» (2747 ta), «TAT REESTR» (2607 ta), «DALAL STANDARD» (2447 ta) va boshqa brokerlar egalladi.

«Alkes Research» ko‘rsatkichlarining bunday ustunligining asosiy sababi shundaki, Jett.uz investitsiya platformasida amalga oshirilayotgan barcha bitimlar aynan shu broker orqali o‘tadi. Jett.uz bir qancha bank ilovalari, jumladan, Multicard va boshqa mobil ilovalar bilan integratsiyalashgan bo‘lib, chakana investorlar uchun fond bozoriga tez va qulay kirish imkonini beradi. Natijada hajmi kichik, ammo soni ko‘p bitimlar aynan shu yo‘nalishda shakllanmoqda.

Savdo hajmi bo‘yicha reytingda ham 753,3 mlrd so‘mlik bitimlar bilan «Alkes Research» birinchi o‘rinni egalladi. Biroq bu yo‘nalishda 736,2 mlrd so‘mlik ko‘rsatkich bilan «Leader Finance Capital»ning ikkinchi o‘ringa chiqishi alohida e’tiborga loyiq. Reytingning keyingi o‘rinlarini «Freedom Finance», «Kapital-Depozit», «Portfolio Investment», «Mulk-Sarmoya brokerlik uyi» va boshqalar band qilgan.

«Leader Finance Capital» amalga oshirilgan bitimlar soni bo‘yicha beshinchi o‘rinda tursa-da, savdo hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallayotgani broker yirik summali operatsiyalar bilan ishlashini ko‘rsatadi. Bu, odatda, institutsional mijozlar yoki katta kapitalga ega professional investorlar segmentiga xizmat ko‘rsatilayotganidan dalolat beradi.

Noyabr oyidagi ma’lumotlar orqali brokerlar orasida bir nechta biznes modeli parallel ravishda mavjudligini ko‘rish mumkin. «Alkes Research» Jett.uz ekotizimi orqali ko‘plab kichik bitimlar, keng chakana baza va bank ilovalari orqali raqamli distributsiya bilan klassik retail-broker profilini namoyish etmoqda.

«Leader Finance Capital» esa son jihatdan kam, lekin hajm jihatdan katta bitimlar bilan institutsional va yirik mijozlarga yo‘naltirilgan modelni qo‘llaydi.

«Freedom Finance» va «Kapital-Depozit» esa ham chakana, ham yirik mijozlar bilan ishlaydigan, muvozanatlashgan universal brokerlar hisoblanadi. Bu farqlar faqat brokerlar o‘rtasidagi raqobatni emas, balki bozor strukturasi qanday shakllanayotganini ham ko‘rsatadi. Bir tomonda fintech va raqamli kanallar orqali bozorga kirayotgan minglab kichik investorlar, ikkinchi tomonda esa yirik portfelli professional ishtirokchilar faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Markaziy depozitariysi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1-oktabr holatiga deponentlar soni 700 mingdan oshgan bo‘lib, ularning qariyb 92 foizini jismoniy shaxslar tashkil etadi. Bu raqamlar so‘nggi yillarda chakana investorlar segmenti tez kengayayotganini tasdiqlaydi. Jett.uz kabi raqamli platformalar va bank ilovalari bilan integratsiya bu jarayonni tezlashtirayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib turibdi.

«Alkes Research»ning bitimlar soni bo‘yicha mutlaq yetakchiligi faqat bitta brokerning muvaffaqiyati emas, balki butun bozorning raqamlashtirilishi va fond bozoriga kirish to‘sig‘ining pasayishi natijasidir.

TOP-10 reytingiga kirgan brokerlar sonining oshib borayotgani bozor infratuzilmasi kengayib, raqobat bosqichma-bosqich kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, savdo hajmining katta qismi hozircha bir necha yirik broker atrofida konsentratsiyalashgan.

Bu holat bozor hali shakllanish bosqichida ekanini eslatib turadi. Kelgusida pensiya va sug‘urta fondlari kabi institutsional investorlar faollashuvi, yangi IPO va «Xalq IPOsi» dasturlari, shuningdek, raqamli kanallarning kengayishi brokerlar reytingi dinamikasini yanada o‘zgartirishi mumkin.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid