«Bu o‘zlarining tanasidagi muammo emas»: Toshkentdagi «Park&Ride» loyihasi nega yillar davomida qog‘ozda qolmoqda?

Bugun 18:326 daqiqa

Poytaxt tirbandligiga yechim o‘laroq ko‘rilayotgan «Park&Ride» tizimi yangi prezident qarori bilan yana kun tartibiga chiqdi. Loyihaning hanuzgacha ishga tushmagani va kechikishi sabablari bo‘yicha Transport vazirligi VAQT.UZ’ga izoh berdi.

«Bu o‘zlarining tanasidagi muammo emas»: Toshkentdagi «Park&Ride» loyihasi nega yillar davomida qog‘ozda qolmoqda?

Toshkentda transport tirbandligi yildan yilga kuchayib borayotgan bir paytda yana bir eski loyiha kun tartibiga chiqdi. 2026-yil 13-may kuni Prezident huzuridagi yig‘ilishda «Park&Ride» tizimini joriy etish masalasi yana ko‘tarildi. Oradan olti kun o‘tib esa prezident qarorida metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil etish orqali ushbu tizimni ishga tushirish belgilandi.

Biroq bu Toshkent uchun yangi g‘oya emas. «Park&Ride» haqida oxirgi to‘rt yil davomida bir necha bor gapirildi, ammo hozirgacha poytaxtda birorta to‘liq ishlaydigan tizim paydo bo‘lmadi.

To‘rt yildan beri aytilgan loyiha

«Park&Ride» tizimi ilk bor 2022-yil oktabrida Toshkentning 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi muhokamasida tilga olingan edi. O‘shanda shahar cheqkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, ularni jamoat transporti bilan bog‘lash rejalari aytilgan.

2023-yilda prezidentga transport va infratuzilma loyihalari taqdimoti davomida ham metropolitenning eng serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan.

2025-yil oxirida esa shaharga kiruvchi avtomobil oqimini kamaytirish uchun haydovchilar o‘z mashinalarini shahar kirish qismida qoldirib, jamoat transportida harakatlanishi mumkinligi ta’kidlangan.

2026-yil 13-may kuni loyiha yana prezidentga taqdim etildi va ma’qullandi. Oradan olti kun o‘tib, 19-may kuni qabul qilingan prezident qarorida metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil etish orqali ushbu tizimni joriy qilish belgilandi.

Unga ko‘ra, «parkovka»dan foydalangan haydovchilarga metro chiptalari uchun chegirmalar berilishi va ayrim to‘lovlarni metro chiptasi orqali qoplash tizimi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

«Bu o‘zlarining tanasidagi muammo emas»

Iqtisodchi Otabek Bakirov «Avval iqtisod…» dasturida fikr bildirishicha, «Park&Ride» tizimi Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirish uchun eng muhim yechimlardan biri bo‘lishi mumkin edi.

Uning aytishicha, Yangiyo‘l, Zangiota yoki Toshkent tumani tomonidan kelayotgan haydovchilar mashinasini metro yoki yirik jamoat transporti tugunlari oldida qoldirib, keyingi yo‘lni metroda davom ettirishi mumkin bo‘lgan tizim allaqachon yaratilishi kerak edi.

«2022-yilda ham, 2023-yilda ham, 2025-yilda ham shu masala ko‘tarildi. Mana, yana bu yil qayta gapirilyapti. Lekin hozirgacha birorta namunaviy “Park&Ride” tizimi ishga tushganini ko‘rmadik», — dedi iqtisodchi.

Bakirov fikricha, tizim real ishlashi uchun uni ishlab chiqayotgan amaldorlarning o‘zi ham jamoat transportidagi muammolarni kundalik hayotida his qilishi kerak.

«Bu haqda topshiriq berilyapti, vazifa qo‘yilyapti, hammasi qo‘yilyapti. Lekin amalda hech narsa yo‘q. Menimcha, bu tizim qachon ishlaydi? Qachonki Toshkent shahar hokimi, Transport vazirligi va boshqa mas’ullar o‘zlari ham shaxsiy mashinasini qo‘yib, Qibrayga yoki Zangiotaga jamoat transportida qatnashga majbur bo‘lsa, shunda bu tizim ishlaydi. Ungacha foydasi yo‘q-da, chunki bu o‘zlarining tanasidagi muammo emas», — dedi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Transport vazirligi loyihaning kechikish sabablarini izohladi

VAQT.UZ «Park&Ride» tizimi nega shu paytgacha ishga tushmagani, dastlabki obektlar qachon ochilishi va loyiha qanday ishlashi haqida Transport vazirligiga savollar bilan murojaat qildi.

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashirmatovga ko‘ra, loyiha avvalgi yillarda ham ko‘tarilgan bo‘lsa-da, tizimning murakkab va ko‘p tarmoqli ekani sababli uni amaliyotga joriy etish qo‘shimcha tayyorgarliklarni talab qilgani uchun tizim ishga tushishi kechikkan.

Vazirlik avtoturargohlar joylashuvi, transport oqimlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, yer ajratish va moliyalashtirish mexanizmlari hali bosqichma-bosqich ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, hozirda Toshkentga kirishdagi (Sharq, Bektemir, Erkin, Uch Qahramon, Turbanov) YPX postlarini viloyat hududiga ko‘chirish va ular yaqinida avtomobillar uchun maxsus «kemping» hududlari tashkil etish ishlari olib borilayotgani aytilgan.

Vazirlikka ko‘ra, «Park&Ride» faqat avtoturargoh qurish bilan cheklanmaydi. Tizim avtomobil, metro va avtobuslar o‘rtasida yagona transport zanjiri yaratishni nazarda tutadi.

Hali manzil ham, muddat ham aniq emas

Transport vazirligi ma’lum qilishicha, hozircha loyiha to‘liq qurilish bosqichiga o‘tmagan. Dastlab transport oqimlarini o‘rganish, qaysi hududlarda avtoturargoh qurish mumkinligini aniqlash va texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Birinchi bosqichda shaharga kirishdagi yirik transport tugunlarida pilot avtoturargohlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik tizim butun shahar bo‘ylab kengaytirilishi mumkin.

Ammo hozircha dastlabki obyektlar qachon ishga tushishi va aynan qaysi metro bekatlari yonida qurilishi ochiqlanmadi.

Tizim quyidagi yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkin:

— avtomobillar uchun zamonaviy avtoturargohlar tashkil etish;
— avtoturargohlarni metro bekatlari va avtobus yo‘nalishlari bilan bog‘lash;
— yo‘lovchilar uchun qulay piyodalar infratuzilmasini yaratish;
— yagona elektron to‘lov tizimini joriy etish;
— bo‘sh joylarni ko‘rsatuvchi raqamli monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;
— mobil ilovalar orqali oldindan joy band qilish imkoniyatini yaratish.

Shuningdek, tizim ayrim hududlarda faqat «avtomobil → metro» emas, balki «avtomobil → avtobus» tamoyili asosida ham ishlashi mumkinligi qayd etilgan.


Metro va «parkovka» uchun yagona tarif bo‘lishi mumkin

Vazirlik ma’lum qilishicha, tizim uchun yagona tarif modeli ham ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, haydovchi avtomobilini avtoturargohda qoldirib, metro yoki avtobusdan foydalansa, transport uchun alohida to‘lov qilmasdan, yagona tarif asosida xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, tizim doirasida quyidagi imkoniyatlar ham ko‘rib chiqilishi mumkin:

— avtoturargoh va metro uchun yagona elektron chipta;
— kunlik yoki oylik abonement tizimi;
— transportlararo imtiyozli tariflar;
— jamoat transportdan foydalanuvchilar uchun chegirmalar;
— mobil ilovalar orqali to‘lov va monitoring tizimi.

Vazirlik bunday tizim fuqarolarni shaxsiy avtomobildan ko‘ra jamoat transportdan ko‘proq foydalanishga undashini ta’kidlagan.

Xorijda bu tizim qanday ishlaydi?

«Park&Ride» tizimi ko‘plab yirik shaharlarda aynan markazdagi tirbandlikni kamaytirish uchun ishlatiladi. Tizimning asosiy g‘oyasi — haydovchi mashinasini shahar chetidagi avtoturargohda qoldiradi va markazga metro yoki avtobusda kiradi.

Masalan, Londonda markazga avtomobilda kirish uchun alohida 15 funtlik tirbandlik solig‘i (congestion charge) to‘lovi mavjud. Shu sabab ko‘plab haydovchilar avtomobilini metro va jamoat transporti bekatlari yaqinidagi avtoturargohlarda qoldirib, shaharga metro orqali kirishni afzal ko‘radi.

Istanbulda esa «Park Et Devam Et» tizimi metro, marmaray (temiryo‘l transport chizig‘i) va metrobus liniyalari bilan integratsiya qilingan. Ayniqsa, Osiyo va Yevropa qismlari orasidagi tirbandlik sabab haydovchilar mashinasini yirik transport almashuv tugunlarida qoldirib, keyingi yo‘lni relsli transportda davom ettiradi. Ayrim avtoturargohlarda jamoat transportdan foydalangan haydovchilarga 50 foizgacha chegirmalar ham beriladi.

Moskvada esa metro yaqinidagi «Park&Ride» hududlarida metrodan foydalangan haydovchilar uchun «parkovka» bepul bo‘lishi mumkin. Ya’ni haydovchi metro chiptasidan foydalansa, avtoturargoh uchun qo‘shimcha haq to‘lamaydi. Bu esa odamlarni markazgacha mashinada kirish o‘rniga metroga o‘tishga rag‘batlantiradi.

«Park&Ride» tizimi Toshkentda bir necha yil davomida qayta-qayta tilga olingan bo‘lsa-da, amalda hanuz birorta ishlaydigan pilot nuqta tashkil etilmadi. Loyiha nafaqat avtoturargohlar qurilishini, balki metro va avtobuslarning tezligi hamda qulayligini talab qiladi. Shuningdek, tizimni yaratishda mas’ullar tomonidan qat’iy va amaliy ishlar bajarilishi lozim.

Hozirgi vaziyat shuni ko‘rsatadiki, tizim hali reja va topshiriqlar darajasida qolmoqda. Xalqaro tajriba esa to‘g‘ri tashkil etilgan «Park&Ride» tizimi markaziy tirbandlikni sezilarli kamaytirishini aniq isbotlagan.

Shu sabab, Toshkentda tizimning haqiqiy ishga tushishi faqat pilot loyihalar orqali sinovdan o‘tgandan so‘ng, aniq natijalar bilan baholanishi mumkin. Aks holda «Park&Ride» faqat so‘z va va’dalarda qolaveradi — amalda samaradorlikni ko‘rish imkoniyati yo‘q.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 130

Barchasi

Mavzuga oid