Logo

«Bu yil yotoqxonalarga joylashtirish bo‘yicha jiddiy muammolar kutilmayapti» — vazirlik

Bugun 21:242 daqiqa

Respublika bo‘yicha 394 ta yotoqxona mavjud bo‘lib, ularda 160 ming o‘rin bor. Hozirga qadar 70 mingdan ortiq talaba yotoqxona uchun onlayn ariza topshirgan.

O‘zbekistonda 2026–2027-o‘quv yilida yotoqxonalarga joylashtirish bo‘yicha jiddiy muammolar kutilmayapti. Yotoqxona bilan qamrov darajasi bugungi kunda 58 foizga yetgan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Aytilishicha, talabalarni turarjoy bilan ta’minlash va ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha markazlar ish boshlagan. Vazirlikning yana bir mulozimiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 394 ta yotoqxona mavjud bo‘lib, ularda 160 ming o‘rin bor. Talabalar birinchi kursdan magistratura bosqichigacha belgilangan tartibda joylashtiriladi. Hozirga qadar 70 mingdan ortiq talaba yotoqxona uchun onlayn ariza topshirgan. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari tomonidan 20 mingga yaqin ijara xonadonlari ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ularning 10 mingga yaqini Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, yuqori ball to‘plovchilar ko‘paygani sababli natijalarning jamlanishi va maksimal ball berish mexanizmlari bo‘yicha ham tahlillar olib borilmoqda. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar 15 kun ichida test sinovi topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos beshtagacha universitet va ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin edi. Anjumanda kelasi haftadan abituriyentlarga oltinchi yo‘nalishni tanlash imkoniyati ham berilishi rejalashtirilayotgani aytildi.

Oltinchi tanlov yo‘nalishi vakant qolgan o‘rinlar uchun qayta tanlov hisoblanadi. Bu jarayon Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali, abituriyentning shaxsiy kabinetida amalga oshiriladi. Abituriyent o‘z test natijalari asosida faqat bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘ra oladi va shu yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Vaqt.uz muxbiri Rajabovga kirish ballarining oshishi sertifikatlar hisobiga bo‘lganmi yoki yo‘q, shu bo‘yicha so‘radi. U ushbu tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad yakuniy test jarayonlarini qisqartirish bo‘lgan-bo‘lmagani bilan ham qiziqdi.

Vazir o‘rinbosari esa milliy sertifikat savollari oliy ta’limga kirish testlaridan farq qilishi, unda yopiq savollar bilan birga ochiq savollar ham mavjudligi, baholash Rash modeli asosida amalga oshirilishini aytdi.

«Shu sababli bu tizim faqat javobni belgilashni emas, balki bilimni chuqurroq baholashni ham ta’minlaydi. So‘nggi yillarda milliy sertifikatga ega abituriyentlar soni sezilarli oshgan. Bu esa ijobiy tendensiya sifatida baholanmoqda. Test sinovlarida esa ayrim hollarda tasodifiy belgilash orqali ham ball olish mumkin bo‘lsa, sertifikat tizimida bunday holatlar ancha cheklangan», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq imtiyozli abituriyentlar ichida eng yuqori natijani xotin-qizlar ligotasi bilan kirganlar tashkil qilgani haqida yozgan edik.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 64

Barchasi

Mavzuga oid

«Bu yil yotoqxonalarga joylashtirish bo‘yicha jiddiy muammolar kutilmayapti» — vazirlik | Vaqt.uz