«Bunyodkor» futbol klubi 2025-yilni 54 mlrd so‘mga yaqin zarar bilan yakunladi
Klub uzoq yillardan beri zarar bilan faoliyat olib bormoqda. 1-yanvardan «O‘zbekneftgaz» klubni moliyalashtirishni to‘xtatgan.
© Foto: FCBunyodkor.comToshkentning «Bunyodkor» futbol klubi 2025-yilda 53,8 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Bu haqda Vaqt.uz’ga klubning moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
«Bunyodkor» yil davomida daromadini 14,7 foizga oshirib, 10,8 mlrd so‘mga yetkazdi. Zarar esa 2024-yilga nisbatan 8 foizga o‘sib, 53,8 mlrd so‘mga yetdi. Klub uzoq yillardan beri zararda faoliyat olib bormoqda.
Taqqoslash uchun, Toshkentning boshqa bir nomdor klubi «Paxtakor» ham 2025-yilni 50 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar bilan yakunlagandi. 2025-yilgi O‘zbekiston Superligasini «Bunyodkor» 5-o‘rinda, «Paxtakor» 2-o‘rinda tugatgan.
«Bunyodkor» futbol klubini uzoq yillardan beri «O‘zbekneftgaz» moliyalashtirib kelayotgan edi. Biroq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab klubni moliyalashtirish to‘xtatilgan.
Moliyaviy holat yomonlashishiga «Bunyodkor»ning braziliyalik futbolchi, Oltin to‘p sohibi Rivaldo oldidagi qarzdorligi ham sabab bo‘lmoqda. Futbolchi oldidagi qarzdorlik vaqtida yopilmasa klubga transfer taqiqi ham qo‘yilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2026-yildan boshlab O‘zbekiston Superligasi ishtirokchilari davlat budjetidan 35 mlrd so‘mdan mablag‘ oladi.
Keyingi yillarda davlat moliyalashtirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi. 2027-yilda har bir klubga 30 mlrd so‘m, 2028-yilda esa 25 mlrd so‘mdan ajratilishi belgilangan. Bu esa klublarni mustaqil daromad manbalariga o‘tish uchun rag‘batlantiradi.





