Buxoroda 1 mrld so‘mdan ortiq omonat pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi

Bugun 20:202 daqiqa

O‘zini Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan firibgarlar Buxorodagi buxgalter ayolni «omonatingiz xavf ostida» deya ishontirib, uning to‘rtta bankda saqlangan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Buxoroda 1 mrld so‘mdan ortiq omonat pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi © ichki ishlar vazirligi

Buxoro viloyatida yirik tashkilotlardan birida buxgalter bo‘lib ishlaydigan ayol telefon orqali amalga oshirilgan firibgarlik qurboniga aylandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 1-dekabr kuni noma’lum shaxslar jabrlanuvchiga Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini Markaziy bank xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular tijorat banklaridagi omonatlar xavf ostida ekanini aytib, mablag‘larni «xavfsiz» kartaga o‘tkazish kerakligiga ayolni ishontirgan.

Natijada jabrlanuvchi to‘rtta bankda saqlangan jami 1 milliard 9 million so‘m omonatini firibgarlar aytgan hisoblarga o‘tkazib yuborgan. Bir necha kundan keyin u aldovga uchraganini anglab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Pullar turli «drop-karta»larga tarqatilgan

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar mablag‘larni yashirish uchun murakkab «drop-karta» sxemasidan foydalangan. O‘g‘irlangan pullar turli hududlardagi fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan kartalar orqali tarqatilgan.

Jumladan, 325 million so‘m poytaxtlik fuqaro nomidagi kartalarga o‘tkazilgan va keyin naqdlashtirilgan. Yana 274 million so‘m Xorazm viloyatidagi shaxs kartasi orqali Toshkent bankomatlaridan yechib olingan.

238 million so‘m talabaning kartasi orqali aylantirilib, keyin kriptovalyutaga almashtirilgan. Qolgan mablag‘lar esa Andijon viloyati, Sirdaryo viloyati, Namangan viloyati va Jizzax viloyatidagi kartalar orqali tarqatilgan.

Ikki gumondor qo‘lga olindi

Buxoro viloyati IIBning kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda asosiy ikki gumondor Toshkent shahrida ushlangan.

Ularning avtomobili ko‘zdan kechirilganda bir nechta mobil telefonlar, SIM-kartalar, o‘nlab plastik kartalar va 100 million so‘mdan ortiq naqd pul musodara qilingan.

Gumondorlarga nisbatan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jabrlanuvchidan o‘g‘irlangan 1 milliard 9 million so‘m to‘liq qaytarilgani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

Buxoroda 1 mrld so‘mdan ortiq omonat pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi | Vaqt.uz