add

Chernobilda yangi hayot: radiatsiyadan energiya oluvchi zamburug‘ topildi

03.12.2025 | 09:4040042 daqiqa

Chernobildagi atom stansiyasi vayronalarida radiatsiyadan energiya olib o‘suvchi noodatiy zamburug‘ aniqlandi.

Chernobilda yangi hayot: radiatsiyadan energiya oluvchi zamburug‘ topildi

Science Alert nashrining ma’lum qilishicha, Chernobil atom elektr stansiyasi devorlarida topilgan ushbu qora zamburug‘ kuchli radiatsiya sharoitida nafaqat omon qolmoqda, balki tez o‘sishi bilan ham ajralib turibdi. Olimlarning fikricha, bu zamburug‘ o‘simliklar fotosintez uchun yorug‘likdan foydalanganidek, radiatsiyadan energiya manbai sifatida foydalanadi. Cladosporium sphaerospermum deb nom berilgan zamburug‘dagi melanin pigmenti ana shu jarayonni amalga oshirishga yordam berishi mumkinligi aytilmoqda.

Tadqiqotchilar namuna xususidagi ma’lumotlarni yuqori radiatsiya qayd etilgan nuqtalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yig‘gan. Ular zamburug‘ halokatli sharoitda tez o‘sishini tasdiqlab, bu xolat tirik organizmlar uchun g‘ayritabiiy reaksiya ekanini ta’kidlagan. Jarayon «radiosintez» sifatida tasniflansa-da, uning to‘liq mexanizmi hali ochilmagan.

Daily Mail nashrining ma’lum qilishicha, Chernobil hududida 2025 yil oktabrida ko‘k rangga kirgan itlar ham qayd etilgan. Dogs of Chernobyl tashkiloti volontyorlari bunday rang o‘zgarishini kimyoviy moddalar ta’siri bilan izohlagan.

Ma’lumot uchun, Chernobildagi atom elektr stansiyasidagi portlash XX asrning eng yirik texnogen falokatlaridan biri hisoblanadi. 1986-yil 26-aprelga o‘tar kechasi sobiq Sovet Ittifoqiga qarashli Ukraina SSR hududidagi Chernobil atom elektr stansiyasining 4-energoblogida yirik portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda, ko‘p miqdorda radioaktiv moddalar atmosferaga tarqalib, nafaqat hozirgi Ukraina, Belarus va Rossiya hududlariga, balki Yevropaning katta qismiga ham tarqalgan.

Dastlabki bir necha hafta ichida o‘ttizdan ortiq xodim va o‘t o‘chiruvchi o‘tkir radiatsiya sindromi tufayli vafot etgan. Reaktor bir necha kun davomida yonishda davom etgan va radioaktiv izotoplarni (ayniqsa, Yod-131 va Seziy-137) Yevropa bo‘ylab tarqatgan.

Teglar

Mavzuga oid