
Chevrolet Damas’ning yangi modellari taqdim etildi
UzAuto Motors tadbirkorlar va oilalar uchun mo‘ljallangan yangi Damas Max va Damas Move’ni bozorga chiqarayotganini bildirdi.

UzAuto Motors ikki yangi tijorat avtomobili — Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellarini bozorga chiqarayotganini ma’lum qildi. Yangi modellar tadbirkorlar hamda oilaviy mijozlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, keng sig‘im, yuqori samaradorlik va hamyonbop narx o‘rtasidagi muvozanatni taklif etadi.
Qayd etilishicha, Chevrolet Damas Move yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, sig‘imi yetti nafar yo‘lovchini tashkil etadi. Ushbu modelni ham oilaviy sayohatlar, ham tadbirkorlik faoliyati uchun mos bo‘ladi.
Avtomobil uchun ikki xil atmosferali dvigatel taklif etilmoqda: 1,2 litrli, 81 ot kuchiga ega agregat besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan hamda 1,5 litrli, 103 ot kuchiga ega dvigatel esa olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Chevrolet Damas Max esa yuk tashishga yo‘naltirilgan bo‘lib, 650 kilogrammgacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Yukxona hajmi 3 kub metrdan ortiq bo‘ladi. Bazaviy jihozlanishda xavfsizlik yostiqchalari, ABS va EBD tizimlari, markaziy qulf hamda masofadan boshqariladigan kalit mavjud.
Yangi modellar uchun tavsiya etilgan chakana narxlar 134 million so‘mdan 154 million so‘mgacha bo‘lib, komplektatsiya va dvigatel turiga qarab farq qiladi. Sotuvlar boshlanish sanasi qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse modelini taqdim etgani haqida xabar bergandik.





