add

Chiqindidan qarzdorlarning elektr uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash boshlandi

Kecha 09:382891 daqiqa

Ayni paytda respublika kesimida chiqindi xizmatlaridan jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud.

Chiqindidan qarzdorlarning elektr uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash boshlandi

O‘zbekistonda 6-dekabr holatiga chiqindi tashish xizmatlaridan qarzi mavjud qariyb 205 ming abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Agentlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan umumiy debitor qarzdorlik 20,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Agentlik hisobotida aytilishicha, 231 mingdan ortiq qarzdor abonentlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning 2100 raqami orqali SMS yo‘li bilan ogohlantirilgan. Ularga qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun muhlat berilgan va ushbu davrda 9,4 mlrd so‘mlik to‘lov amalga oshirilgan.

Shunga qaramay, qarzdorlikning asosiy qismi — 18,2 mlrd so‘m qoplanmagan. Shu bois agentlik belgilangan tartib asosida elektr to‘loviga vaqtincha cheklov joriy qilgan.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, qarz to‘liq qoplanishi bilan cheklov darhol bekor qilinadi.

Ma’lumot uchun, amaldagi tartib 2025 yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorlikka taalluqli emas. U 1-iyuldan keyin shakllangan yig‘imlar uchun joriy yilning 5-noyabridan amal qila boshlagan. Qonunchilikka ko‘ra, har oyning 3-kunigacha qarzdorlar ro‘yxati «Toza makon» billing tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» bazasiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2026 yil 1-yanvaridan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn tarzda qabul qilinadi. Internet aloqasi mavjud bo‘lmagan hududlarda istisno tariqasida bank kassalari va «O‘zbekiston pochtasi» orqali to‘lov qilish imkoniyati saqlanib qolgan.

Teglar

Mavzuga oid