
Daniya pochtasi 400 yildan so‘ng qog‘oz xatlardan to‘liq voz kechdi
Daniya rasman qog‘oz xatlar yetkazib berishni to‘xtatdi va shu orqali jismoniy pochta xizmatidan butunlay voz kechgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.

Daniyada 30-dekabr kuni so‘nggi qog‘oz xat yetkazib berildi. Shu kundan boshlab mamlakatda pochta xizmati xatlarni jismoniy tarzda tarqatishni to‘liq to‘xtatdi. Bu qaror raqamli kommunikatsiyaning kengayishi va qog‘oz pochtaning iqtisodiy samaradorligi pasayib borishi bilan izohlanmoqda.
CNNʼning ma’lum qilishicha, Daniya davlat pochta xizmati — PostNord 400 yillik tarixida ilk bor an’anaviy xat yetkazib berishdan voz kechdi. Kompaniya oxirgi xatni 2025 yil 30-dekabr kuni tarqatgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Daniyada yetkazib berilgan xatlar soni 2000 yilga nisbatan 90 foizga kamaygan. Bu ko‘rsatkich qog‘oz pochtaga bo‘lgan ehtiyoj deyarli yo‘qolganini ko‘rsatadi. Solishtirish uchun, AQSHda ham pochta hajmi pasaygan bo‘lsa-da, u yerda 2006 yilga nisbatan 2024 yilda kamayish 50 foizni tashkil etgan.
PostNord mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan 1500 ta pochta quticini olib tashladi. Ushbu qutilar sotilib, tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlariga yo‘naltirilgani ma’lum qilindi.
Daniya hukumati va pochta xizmati vakillari jismoniy xatlardan voz kechish raqamli davlat xizmatlari, elektron hujjat aylanmasi va onlayn muloqot tizimlari keng joriy etilgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda. Mamlakat aholisining katta qismi davlat va xususiy xizmatlardan elektron shaklda foydalanmoqda.
Bu qaror orqali Daniya qog‘oz pochtadan to‘liq voz kechgan dunyodagi ilk davlat sifatida tarixga kirdi.





