
Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda tannarx kamaytiriladi
Prezidentning tegishli farmoyishi bilan davlat korxonalari faoliyatining samaradorligini oshirish belgilandi.

18-noyabr kuni «Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi F–59-sonli prezident farmoyishi qabul qilindi.
Ushbu farmoyishni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026 yilda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxini kamaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish etib belgilandi.
Farmoyishga ko‘ra, davlat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishning qator asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, xarajatlarni har chorakda qayta tahlil qilish (spending review) orqali kelgusi davrdagi har bir yo‘nalish ustuvorligidan kelib chiqib, budjet to‘liq «noldan» qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, tejamkor ishlab chiqarish va me’yorlash tamoyillari joriy etiladi.
Shuningdek, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
davlat korxonalariga xarajatlarni maqbullashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda metodologik yordam berish;
to‘lov tizimini takomillashtirish orqali debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish.





