Logo

«Davlat xaridlarini kabinetda o‘tirib isloh qilib bo‘lmaydi». Davlat xaridlarida mansabdorlar bozorni eshitishga chaqirildi

Bugun 17:552 daqiqa

Davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda yuzlab ishtirokchilar muammo va takliflarini bildirdi. Ekspertlar davlat organlarini bozor bilan muloqotni kuchaytirishga chaqirmoqda.

«Davlat xaridlarini kabinetda o‘tirib isloh qilib bo‘lmaydi». Davlat xaridlarida mansabdorlar bozorni eshitishga chaqirildi

2026-yil 11-iyun kuni davlat xaridlari tizimi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Dastlab 100 nafar ishtirokchiga mo‘ljallangan tadbirga amalda 200 nafardan ortiq kishi tashrif buyurdi.

Tadbir davomida yetkazib beruvchilar, buyurtmachilar, brokerlar, logistlar, yuristlar va boshqa bozor ishtirokchilari davlat xaridlari sohasidagi muammolarni muhokama qildi. Yakunlarga ko‘ra, tender jarayonlari, elektron platformalar, shartnomalar ijrosi, shaffoflik va raqobat muhitiga oid qariyb 120 ta murojaat, shikoyat va taklif kelib tushdi.

Davlat xaridlari bo‘yicha mutaxassis Komol Niyazovning fikricha, bu ko‘rsatkichlar sohada yig‘ilib qolgan muammolar dolzarbligini va ishtirokchilarning o‘z fikrini bildirishga bo‘lgan yuqori qiziqishini namoyon etgan.

Davlat organlari ishtiroki yetarli bo‘lmadi

Tadbirga davlat xaridlari tizimi bilan bog‘liq 40 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari taklif qilingan bo‘lsa-da, ularning atigi 2–3 tasi vakil yuborgan.

Ekspert fikricha, bu holat davlat organlari va bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotning hali ham yetarli darajada emasligini ko‘rsatadi. Uning qayd etishicha, davlat xaridlari kabi murakkab tizimni faqat normativ hujjatlar orqali emas, balki amaliyotda ishtirok etayotgan tadbirkorlar va mutaxassislarni eshitish orqali takomillashtirish mumkin.

Shu munosabat bilan mas’ul idoralar, elektron operatorlar va nazorat organlari bozor ishtirokchilari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi zarurligi ta’kidlandi.

Tizimli islohotlar bo‘yicha takliflar tayyorlanadi

Ma’lum qilinishicha, Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi 30-iyun kuni AUGZ'ning birinchi kengash yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Unda davlat organlari, yetkazib beruvchilar, buyurtmachilar, yuristlar, logistlar va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Kengash doirasida ochiq muloqotda bildirilgan takliflar tahlil qilinib, qonunchilikni takomillashtirish, elektron platformalar faoliyatini yaxshilash va davlat xaridlari tizimidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 11-avgust kuni davlat xaridlari ishtirokchilari bilan ikkinchi ochiq muloqotni o‘tkazish rejalashtirilgan. Muallif fikricha, davlat xaridlarida shaffoflik va samaradorlikni oshirish uchun davlat va biznes o‘rtasidagi doimiy muloqot muhim ahamiyatga ega.

Teglar

Mavzuga oid