«De-yure bor, ammo de-fakto endi mavjud emas». Kreml xalqaro huquq «amalda yo‘q bo‘lganini» bildirdi
Peskov «insoniyat tarixida bundan ham battar voqealar bo‘lgan»ini aytdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoda xalqaro huquq mavjud bo‘lmay qolganini aytdi. Bu haqda u rossiyalik jurnalist Pavel Zarubinga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi. Ularning suhbatidan parchalar 8-mart kuni «Vesti» telegram-kanalida e’lon qilindi.
«Afsuski, biz hammamiz xalqaro huquq deb ataydigan narsadan mahrum bo‘ldik. Rostini aytsam, hozir kimnidir xalqaro huquq normalari va tamoyillariga amal qilishga qanday chaqirishni ham tushunmayapman. U amalda endi yo‘q. De-yure u bor, ammo de-fakto endi mavjud emas», - dedi Peskov.
Uning fikricha, hech kim yo‘qolgan xalqaro huquq o‘rniga qanday huquq kelganini aniq ifodalab bera olmaydi.
«Bu mavzuda faqat siyosatshunoslik nuqtai nazaridan mulohaza yuritish mumkin, biroq aniq ta’rifni hech kim bera olmaydi», — dedi u.
Bu dunyo yashab qola oladimi?
Zarubinning «biz endi qanday dunyoda yashayapmiz va bu dunyo yashab qola oladimi?» degan savoliga javob berar ekan, Peskov «insoniyat tarixida bundan ham battar voqealar bo‘lgan» deb aytdi.
Jurnalist avvallari bunchalik qudratli qurollar bo‘lmaganini ta’kidlaganida, Kreml vakili: «Biz siz bilan u paytda yashamaganmiz, shuning uchun bizga hozir qiyomat bo‘layotgandek tuyulyapti», - dedi.
Xalqaro huquq bo‘yicha ekspertlar AQSHning yanvar oyida Karakasda o‘tkazgan operatsiyasini va Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning qo‘lga olinishini noqonuniy deb hisoblashdi. Shundan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp unga xalqaro huquq kerak emasligini aytdi: «Bitta cheklov bor. Mening shaxsiy axloqim. Mening shaxsiy aqlim. Bu meni to‘xtatib qolishi mumkin bo‘lgan yagona narsa». Tramp ma’muriyati esa dunyo «kuch, majburlash va hokimiyat orqali boshqariladi» deb bayonot berdi.





